DAVLAT BUDJETI

DAVLAT BUDJETI — davlatning muayyan vaqt (odatda bir yil) uchun mo’ljallangan pul daromadlari va xarajatlari majmui. Davlat budjeti davlat ixtiyoridagi pul fondlarining taqsimlanishini bildirib, u davlat moliyasining bosh bo’g’ini hisoblanadi. Davlat budjeti tarkiban umumdavlat (yoki markaziy) budjeti (mamlakat miqyosidagi umumiy daromadlar va xarajatlar yig’indisi) vamahalliy (munitsipal) budjet (hududiy tuzilmalar – o’lka, viloyat, tuman va h.k. doirasidagi pul daromadlari va xarajatlari)ga bo’linadi. Ikki turdagi budjetlar nisbati mamlakatning ichki sharoitiga bog’liq bo’ladi. Davlat jamiyatga ijtimoiy xizmatlar (milliy xavfsizlikni ta‘minlash, jamoat tartibini saqlash, atrof-muhitni himoya qilish, nochorlarga yordam berish, aholiga bepul ijtimoiy xizmatlar ko’rsatish va boshqalar) ko’rsatadi va bularning barchasi xarajat talab qiladi. Budjet daromadlari soliqlar, soliqdan tashqari yig‗imlar, davlat zayomlaridan tushgan pul, davlat mulkini sotishdan yoki ijaraga berishdan kelgan mablag’lardan shakllanadi.