DAVLAT GERBI
DAVLAT GERBI — davlat ramzlaridan biri. Unda davlatning milliy-siyosiy, iqtisodiy xususiyatlari, ijtimoiy va davlat tuzumi, geografik va boshqa belgilari o’z ifodasini topadi. Gerb davlat bayroqlarida, muhrda, rasmiy blanklarda, muhim hujjat, pul va davlat zayomlarida, ba’zi binolarda tasvirlanadi. Davlat gerbining mazmuni Konstitutsiya yoki maxsus qonun bilan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli va oq-qora tasviri “O’zbekistan Respublikasi Davlat gerbi to’g’risida”gi qonun (1992 yil 2 iyul) da tasdiqlangan. O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi quyidagi ko’rinishga ega: tog’lar, daryolar va so’l tomoni bug’doy boshoqlaridan, o’ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g’o’za shoxlaridan iborat chambarga o’ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida 8 burchak tasvirlangan bo’lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasviri bor. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Xumo qushi ko’rinadi. Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog’ini ifoda etuvchi chambar lentasining ban-tida “O’zbekiston” deb yozib qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi va uning tasvirini aks ettirish lozim bo’lgan hollar, shu bilan bog’liq tartib-qoidalar yuqoridagi qonunda belgilangan.