DAVLAT MULKINI BOSHQARISH

DAVLAT MULKINI BOSHQARISH – shaxslar va davlat idoralari tomonidan qonunchiliqda belgilangan huquq va vakolatlar doirasida davlat mulki egasi (egalik, foydalanish, tasarruf etish) vazifalarini bajarish. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va 1990 yil 31 oktabrda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasida mulkchilik to’g’risida” qonuniga ko’ra davlat mulkini xalq nomidan (ma’muriy-hududiy tuzilma aholisi nomidan) tegishli xalq deputatlari kengashi va ular vakolat bergan davlat organlari tasarruf etadi va boshqaradi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi mulkini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, O’zbekiston Respublikasi hukumati yoki ular vakolat bergan davlat organlari tasarruf etadi va boshqaradi, ma’muriy-hududiy tuzilmalarda davlat mulki (kommunal mulk) ga nisbatan mulkchilik huquqini mahalliy hokimiyat idoralari amalga oshiradi. Respublika yoki mahalliy hokimiyat idoralari egaligida bo’lgan mulk xo’jalik yuritish yoki joriy boshqarish huquqi bilan yuridik shaxslarga berilishi mumkin. Ko’pgina rivojlangan mamlakatlarda davlat korxonalari davlat mulkining muhim ob’yektlariga kiradi va ularni tarmoq vazirliklari boshqaradi, Moliya vazirligi nazorat qiladi. Ayrim mamlakatlarda Davlat mulkini boshqarish bilan shug’ullanadigan maxsus vazirliklar ta’sis etilgan. O’zbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida islohotlarni amalga oshirish davomida 1994 yilda Vazirlar Mahkamasining Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo’mitasi (1992) hamda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki fondi negizida davlat boshqaruv organi — O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat qo’mitasi (Davlat mulki qo’mitasi) tashkil etildi. Davlat mulki qo’mitasi davlat korxonalar va boshqalar mulkka, korxonalarning ustav fondidagi davlat hissasiga to’g’ri keladigan aktsiyalar paketi va paylarga mulkchilik huquqini amalga oshiradi. Davlat mulki qo’mitasi belgilangan tartibda O’zbekiston hududidagi va chet ellardagi O’zbekiston Respublikasi davlat mulki ob’yektlarini boshqarish va tasarruf etish; davlat siyosati qonunchiligi asosida davlat korxonalari, ko’chmas mulk ob’yektlarini va ular joylashgan yer maydonlarini xususiylashtirishi, davlat tarmoq, mintaqa bo’yicha xususiylashtirish dasturlarini ishlab chiqish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tarmoqlararo va mintaqalararo muvofiqlashtirish; Davlat mulki qo’mitasining hududiy bo’linmalariga rahbarlik; xususiylashtirishni va tadbirkorlikni qo’llabquvvatlash hamda investitsiyalarni jalb etish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlaydigan bozor infratuzilmalari va muassasalarini barpo etish va boshqa vazifalarni bajaradi. Abdulla Abduqodirov.