DAVLAT NASLCHILIK ZAVODI

DAVLAT NASLCHILIK ZAVODI — qishloq xo’jalik hayvonlarining ma’lum bir zotini takomillashtirishga ixtisoslashgan oliy toifadagi naslchilik xo’jaligi; chorvachilikda biror zot bilan uzoq vaqt davomida selektsiya ishi olib boradigan asosiy xo’jalik. Har qaysi naslchilik zavodida elita va I klass talablariga javob beradigan sof zotli, sermahsul mollarning podasi bo’lishi kerak. Naslchilik zavodlarida naslchilik ishlari 5-10 yil va undan ham ortita mo’ljallab tuziladigan istikbol selektsiya-naslchilik ishi rejasi asosida olib boriladi. Davlat naslchilik zavodining asosiy vazifasi tanlangan molning zotdorligi va mahsuldorlik sifatlarini takomillashtirishdan, shuningdek, naslchilik xo’jaliklariga nasldor yosh mollar yetishtirib berishdan iborat. Naslchilik zvodida mollar bir xil tanlash asosida sof zotlarni urchitish usuli bilan ko’paytiriladi, mavjud zotlar yaxshilanadi va yangi, qimmatli liniya va oilalar yaratiladi. Qarindosh urchitishni har xil darajada qo’llash bilan birgalikda, zotni tubdan yaxshilash va yangi zot yaratish maqsadida murakkab hamda qon qo’yish va chatishtirishning boshqa usullari qo’llaniladi. O’zbekistonda 42 ta naslchilik zavoi bo’lib, 17 tasi qoramolchilik, 18 tasi qorako’lchilik, 2 tasi qo’ychilik, 3 tasi yilqichilik, 1 ta echkichilik va 2 tasi cho’chqachilik bilan shug’ullanadi (2002). Naslchilik zavodlarida yetishtirilgan, o’stirilgan yosh mollar o’z podalarini hamda boshqa naslchilik xo’jaliklarining podalarini to’ldirib boradi, eng sermahsul sigirlardan olingan buqachalar bilan naslchilik korxonalarini ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasida naslchilikni rivojlantirishda muhim ishlarni amalga oshirgan xo’jaliklar ko’p. Xususan, Andijon viloyati Qo’rg’ontepa tumani “Savay” Davlat naslchilik zavodi 1929 yilda tashkil etilgan. 1970 yillarda xo’jalikda Avstriya, Rossiyaning Smolensk viloyatidan keltirilgan shvis zotli gunajinlarni mahalliy zebusimon mollari b-n chatishtirish natijasida ularning yangi qo’ng’ir tipi chiqarildi. Xo’jalikda ko’p yillik tajribalar natijasida sermahsul sigirlarning 28 oilasi yaratilgan. Respublikada turli viloyatlarda joylashgan qoramolchilik Davlat naslchilik zavodida qora-ola, shvis, qizil cho’l, Bushuev zotlari urchitilmoqda. Ularda takomillashtirilayotgan 12 ming boshdan ortiq zotli qoramol bor (2002). Izatulla Eshmatov.