DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH

DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH — davlat korxonalarini jamoa, ijara korxonalariga, aktsiyali jamiyatlarga, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, davlatga qarashli mulk bo’lmagan boshqa korxonalarga aylantirish. Mulkni Davlat tasarrufidan chiqarish (yoki xususiylashtirish) davlat korxonasi asosida xususiy va aralash mulk shakllarini vujudga keltirishda namoyon bo’ladi. SSSR parchalanganidan keyin Sharqiy Yevropa va MDH davlatlarida bozor iqtisodiyotiga o’tishda Davlat tasarrufidan chiqarish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda bosh yo’nalish sifatida tanlandi. O’zbekistonda mulkni Davlat tasarrufidan chiqarish iqtisodiy islohotlar borasidagi dastlabki qadamlardan biri bo’ldi. Samarali, ijtimoiy yo’nalishga ega bo’lgan bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish maqsadida davlat mulkini Davlat tasarrufidan chiqarishning tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi va ular O’zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida” (1991 yil 19 noyabr.), “O’zbekiston Respublikasidagi korxonalar to’g’risida”gi (1991 yil 15 Fevral) qonunlarida va ular asosida chiqarilgan boshqa qonun hujjatlarida o’z aksini topdi. Mamlakatdagi mavjud davlat mulki ob’yektlari to’liq yoki qisman davlat tasarrufidan chiqarilishi (yoki xususiylashtirilishi) mumkin. O’zbekistonda yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi, boshqa tabiiy resurslar, madaniyat boyliklari, tarixiy yodgorliklar davlat tasarrufidan chiqarilmaydi. Davlat o’z tasarrufidan chiqargan xo’jalik sub’ektlari faoliyatiga aralashmaydi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar ularga xo’jalik faoliyati olib borish uchun teng huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratib beradi. Korxonalar o’z faoliyatini va istiqbol rejalarini mustaqil rejalashtiradi, davlat ehtiyojlari uchun shartnoma asosida mahsulot etkazib beradi. Abdulla Abduqodirov.