DAVLAT TILI
DAVLAT TILI — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Odatda, ko’p millatli mamlakatlarda, masalan, Hindiston, Kanada, Shveytsariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitusiyalarida belgilab qo’yilgan. Davlatlarning ko’pchiligida rasmiy til bilan Davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til maqomi Davlat tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveytsariyada Konstitutsiyaga binoan nemis, frantsuz, italyan tillari — rasmiy til; nemis, frantsuz, italyan va retoroman tillari — Davlat tili sanaladi. O’zbekistonda sho’rolar hukmronligi paytida Davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin bo’lmagan, aksincha o’zbek tilining ijtimoiy hayotda qo’llanilishi tobora cheklanib qolgandi. Jamiyatni qayta qurish ma’naviy poklanishni boshlab berdi. Uning natijasi o’laroq “O’zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi (1989 yil 21 oktabr). Bu qonun o’zbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol o’ynadi. Mazkur qonun qoidalari O’zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qo’yildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan O’zbekistonda Davlat tili — o’zbek tilidir. Qoraqalpog’istonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan Real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib boorish vazifasi til islohoti bilan bog’liq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tug’dirdi, respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida bo’lgan va madaniy-ma’naviy sohada o’ziga xoslikni mustahkamlashga intilgan bir sharoitda qabul qilingan Davlat tili haqidagi qonunning ko’pgina moddalariga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritishni taqozo etdi. Natijada 1995 yil 22 dekabrda O’zbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. O’zbek tilining O’zbekiston Respublikasi hududida Davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va boshqa qonunlar bilan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasida Davlat tilini o’rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratiladi hamda Millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo’lish, ularning rivojlanishi ta’minlanadi. Davlat tilini o’qitish bepul amalga oshiriladi (4-modda). Davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki husumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o’zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to’sqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo’ladilar (24-modda). Mamlakatda demokratik, baynalmilal tamoyillarga rioya qilinib, har bir millat va elatning erkin rivojlanishi, ularning til mustaqilligi va tengligi ta’minlangan. Ta’lim-tarbiya ishlari o’zbek tilidan tashqari tojik, rus, qozoq, koreys, turkman, qirg’iz tillarida ham amalga oshiriladi. Milliy markazlarning faoliyati uchun etarli imkoniyat yaratilgan. Shaxsga millati, irqi, tili, urf-odat va an’analariga qarab biror imtiyoz berish yoki shu vajdan huquqlarini cheklash javobgarlikka sabab bo’ladi. Ad.: Abdumajidov F., Davlat tili haqida (qonunga sharhlar), T., 1998. G’afur Abdumajidov.