DAVLAT URUG’CHILIK NAZORATI
DAVLAT URUG’CHILIK NAZORATI davlat tomonidan qishloq xo’jalik ekinlarining urug’lik va nav sifatlarini, shuningdek, urug’chilik xo’jaliklari, selektsiya styalari, tayyorlov tashkilotlarida yuqori sifatli urug’lik yetishtirish ishlarini nazorat qilish tizimi. Davlat urug’chilik nazorati idorasi ekish uchun ishlatiladigan va savdodagi urug’likning ekishga yaroqliligini (laboratoriya sharoitida) va navdorligini (laboratoriya sharoitida, dala tajriba maydonlarida, aprobasiyani nazorat qilish) tekshiradi. Respublikada g’alla, sabzavot, ozuqabop va mevali ekinlarning elita urug’chiligi bilan navni yaratgan ilmiy tadqiqot institutlari, reproduktsiyalar urug’larini yetishtirish bilan ularning tayanch shoxobchalari, shuningdek, urug’chilik xo’jaliklari shug’ullanadi. O’zbekistonda urug’chilik sifatini davlat yo’li bilan nazorat qilish ishlari tarixi 1922 yildan boshlanadi. Shu davrdan Markaziy selektsiya stansiyasida paxta urug’chiligi nazorati yo’lga qo’yildi. 1934 yilda respublikada paxta urug’chiligi stansiyasi tashkil etildi. 1965 yilda davlat urug’chilik inspektsiyasi va uning hududiy bo’limlari tuzildi. Bu inspektsiya paxta urug’lik fondidan boshqa barcha qishloq xo’jalik ekinlari urug’ligini sifatli yetishtirish, urug’lik dalalarida aprobatsiya o’tkazish, urug’lik sifatini aniklab, ekishga yaroqli urug’likka sertifikat berish kabi nazorat ishlarini bajardi. Respublika mustaqillikka erishganidan so’ng urug’chilik nazoratini jahon standartlari darajasida olib borish uchun urug’chilikda tub islohotlar o’tkazildi. 1995 yil oktabrda Respublika paxta urug’chiligi stansiyasi negizida O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzurida qishloq xo’jalik ekinlari urug’ligini sertifikatlash va sifatini nazorat qilish Davlat markazi — “O’zdavurug’nazoratmarkaz” va uning Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlardagi markazlari tashkil etildi. “O’zdavurug’nazoratmarkaz”ning Toshkent viloyati Qibray tumanida respublikada ekilayotgan barcha urug’lik partiyalari namunalarining nav sofligi aniqlanadigan 9 gektardan iborat dala tajriba maydoni bor. O’zbekistonda urug’chilik va uruglik sifati ustidan davlat nazoratini, shuningdek, qimmatli navlar genofondini saqlab qolish, respublikaning iqlim sharoitlariga moslashgan nav va duragaylar yaratish, qishloq xo’jalikni serhosil va yuqori sifatli urugliklar bilan ta’minlash ishlari O’zbekiston Respublikasining “Urug’chilik to’g’risida”gi (1996 yil 29 avgust) qonuni bilan tartibga solinadi. Shuhrat Qo’ziboyev, Husniddin Rahimov.