DAVLAT VA JAMIYAT QURILISHI AKADEMIYASI
DAVLAT VA JAMIYAT QURILISHI AKADEMIYASI, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi — rahbar xodimlarni tayyorlovchi va qayta tayyorlovchi, ular malakasini oshiruvchi o’quv-usuliy va ilmiy markaz. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 19 aprel farmoniga muvofiq tashkil qilingan. Asosiy vazifasi — hokimliklar va boshqaruv organlari rahbar xodimlari, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, xo’jalik tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, o’rta bo’g’in boshqaruv organlari, tadbirkorlik tuzilmalarining oliy toifali zamonaviy mutaxassislari va rahbarlarini o’qitish, tarbiyalash. Akademiyada 10 va 12,5 oylik tayyorlash, 3 oylik qayta tayyorlash hamda 1 oylik malaka oshirish kurslari tuzilgan, xorijiy mutaxassislar ishtirokida esa 5-10 kunlik seminarlar yo’lga qo’yilgan. 3 ta fakultet faoliyat ko’rsatadi: 1) davlat va jamiyat qurilishi; 2) bozor iqtisodiyoti asoslari va tamoyillari; 3) davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar. Bu fakultetlar tarkibida 12 ta kafedra ish olib boradi. O’quv dasturlari AQSh, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya va boshqa mamlakatlarning ta’lim tizimlari andozalariga muvofiq tartibda ishlab chiqilgan. Dasturlar 4 moduldan iborat: asosiy kurslar; mutaxassislik kurslari; informasion boshqarish tizimi; magistrlik dissertasiyalari loyihalarini tayyorlash va himoya qilish. Akademiya 10 va 12,5 oylik kurslarini bitiruvchilarga tanlagan mutaxassisliklari bo’yicha magistr diplomi beriladi. Kafedralarda kunduzgi, sirtqi aspirantura va doktoranturalarda ilmiy xodimlar tayyorlanadi. O’quv jarayonlarini tashkil qilish ishlariga respublikaning yetuk o’qituvchi-professorlari jalb etilgan. Asosiy ilmiy yo’nalishlar islohotlar jarayoni kontsepsiyalarini yaratish, maorif tizimini isloh qilish uchun tavsiyanomalar ishlab chiqish, rahbar kadrlar tizimini tayyorlashda ilmiy tavsiyalar bilan ishtirok etishga qaratilgan. Ko’plab xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar o’rnatilgan. O’quv jarayonlarida AQSh, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Frantsiya, Rossiya, Moldova, Eron, Malayziya, Jan. Koreya, Xitoy va boshqa davlatlar elchixonalarining rahbarlari ma’ruza, suhbat o’tkazadilar va amaliy mashg’ulotlarda qatnashadilar. O’qituvchilar, tinglovchilar, aspirantlar, doktorantlar hamda tadqiqotchilarning malaka oshirishi, tajriba almashishi uchun xorijiy davlatlar o’quv yurtlariga yuborish yoki u yerlardan malakali mutaxassislarni taklif etish yo’lga qo’yilgan. Akademiya hududida joylashgan “Konrad Adenauer”, O’zbekiston Respublikasi “Ustoz” jamg’armalari, tasis, jurnalistlarni qayta tayyorlovchi xalqaro jamoatchilik markazi kabi tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik o’rnatilgan. Akademiyaga tinglovchilarni qabul komissiyasi qabul qiladi. Mutaxassislar tayyorlash manfaatdor korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda alohida shaxslar bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Boshqa davlatlar fuqarolari ham shartnomaga binoan o’qitiladi. Akademiya huzurida ilmiy tadqiqot va o’quv-usuliy muassasasi — O’zbekistonning yangi tarixi markazi tashkil qilingan (1996 yil sentabr). Markaz 3 jildli (“Turkiston chor mustamlakachiligi davrida”, “O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida”, “mustaqil O’zbekiston tarixi”) O’zbekistonning yangi tarixi, “O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti” kitoblarini tayyorlab, chop ettirdi (2000). Akademiya nashriyoti ilmiy, ilmiy ommabop va boshqa turdagi nashrlarni, “Jamiyat va boshqaruv” jurnalni chop etadi, har 3 oyda bir marta axborot byulletenini chiqaradi. Akademiyaning 25 mingdan ortiq adabiyotlar b-n ta’minlangan zamonaviy kutubxonasi, kompyuter markazi, mehmonxonasi, tibbiyot bo’limi, restoran, sport, trenajer zallari bor. Rustam Jumaev.