DAVLATGA QARSHI JINOYATLAR
DAVLATGA QARSHI JINOYATLAR, O’zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar — O’zbekiston Respublikasi suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati, O’zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga, iqtisodiyotiga, ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga tajovuz qiluvchi o’ta og’ir jinoyatlardan hisoblanadi. Bu jinoyatlar uchun O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi maxsus qismida javobgarlik belgilangan bo’lib, ular dushman tomoniga o’tish, josuslik, davlat sirlarini chet el davlatiga yetkazish, O’zbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda chet el davlatiga yordam ko’rsatish, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining hayoti va sog’lig’iga, O’zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz etish, ya’ni O’zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini. Konstitusiyaga xilof ravishda o’zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga, qonuniy ravishda saylab qo’yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga, O’zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish yoki bunday mazmundagi materiallarni tarqatish, qo’poruvchilik, davlat sirlarini oshkor etish va davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yo’qotishga qaratilgan harakatlarda ifodalanadi. Jinoyat qilish paytida 16 yoshga to’lgan aqli raso shaxslar O’zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarning sub’yektlari bo’la oladi. Ammo davlatga xoinlik qilishning sub’yekti faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarosi, josuslik jinoyatining sub’yekti faqat chet el fuqarosi va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar, davlat sirlarini oshkor qilish va davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yo’qotish jinoyatlarining sub’ekti davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlar ishonib topshirilib qo’yilgan shaxslar bo’ladi. Qolganlarining sub’yektlari esa har qanday shaxs bo’lishi mumkin. Mamajon Usmonaliyev.