DAVLATLARNING HUQUQIY VORISLIGI

DAVLATLARNING HUQUQIY VORISLIGI — bir davlat huquqlari va majburiyatlarining boshqa bir davlatga o’tishi. Davlatlarning huquqiy vorisligi masalasi quyidagi hollarda yuzaga keladi: 1) ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya o’zgarishiga olib kelgan ijtimoiy inqilob sodir bo’lganda; 2) milliy ozodlik kurashi natijasida yangi mustaqil davlatlar paydo bo’lganda; 3) avvalgi davlat hududida — bir necha davlat tashkil topganda hamda ikki yoki bir necha davlat birlashuvi natijasida yangi davlat vujudga kelganda; 4) hududiy o’zgarishlar ro’y berganda Davlatlarning huquqiy vorisligi yangi davlatlar uchun: xalqaro shartnomalarni qayta ko’rib chiqish, ularni bekor qilish, xalqaro tashkilotlarga a’zo bo’lish, xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirish, mulkning xuquqiy vorisligini ta’minlash kabi masalalarni qaytadan hal qilishni taqozo etadi. 1978 yilda davlatlarning shartnomalarga oid huquqiy vorisligi to’g’risida Vena konventsiyasi qabul qilingan edi. 1983 yilgi Vena konventsiyasi esa davlat mulki, davlat arxivlari va davlat qarzlariga oid Davlatlarning huquqiy vorisligi asosiy qoidalarini belgilab berdi.