DAVOLASH BADAN TARBIYASI

DAVOLASH BADAN TARBIYASI – tibbiyot bo’limi; kasalliklarni davolash va oldini olishda jismoniy mashqlar va tabiiy omillarni, shuningdek, fizioterapiya va massajni birgalikda qo’llash. Mexanoterapiya, mehnat bilan davolash va davo massaj” Davolash badan tarbiyasining tarkibiy qismidir. Davolash badan tarbiyasi kuch-quvvatni tiklovchi davo; uni to’g’ri qo’llash bemorning tez sog’ayib ketishiga, ish qobiliyatini tiklashga va uni faol mehnatga qaytarishga yordam beradi. Davolash badan tarbiyasiga turli jismoniy mashqlar: gimnastika (ancha jo’n va bemorga mos), sport (chang’ida va piyoda sayr etish, suzish va boshqalar) va ochiq havoda o’tkaziladigan o’yinlar (voleybol, tennis, basketbol) kiradi. Maxsus tanlangan mashqlar Davolash badan tarbiyasining asosiy vositasidir. Jismoniy mashqlarni bajarish va organizmni chiniktirishda tabiiy omillar — suv, havo va quyoshdan foydalaniladi. Davolash badan tarbiyasi harakat faoliyati pasaygan, kam quvvat, uzoq vaqt betob yotgan bemorlarga buyuriladi. Davolash badan tarbiyasi operatsiyadan keyingi organizmni tiklash davrida, akusherlikda, nafas, ovqat hazm qilish, yurak-tomir, nerv sistemasi, tayanch-harakat a’zolari, rivojlanish nuqsonlari hamda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog’liq kasalliklarni davolashda qo’llaniladi. Davolash badan tarbiyasini faqat davolovchi vrach buyuradi, mashg’ulotlar Davolash badan tarbiyasi bo’yicha mutaxassislar tomonidan olib boriladi.