DAXMAI SHOHON
DAXMAI SHOHON (shohlar daxmasi) — Qo’qon shahridagi me’moriy yodgorlik. 19-asrning 20-yillarida qurilgan. Qo’qon xonlari xonadonlariga tegishli shaxslar Norbo’tabiy va uning avlodlari dafn etilgan xazira. Daxmaga g’arbdan peshtoq (9,4×11,7 metr) orqali kiriladi. Peshtoqining ikki tomoniga Burjlar ishlangan, sirkor g’isht va koshin bezakli qilib terilgan. Peshtoq sathining yon tomonlari to’q zangori rangdagi juft qalampir tasvirlar bilan bezatilgan. O’rta qismiga zangori, yashil va oq koshindan sakkiz qirrali yulduzlar, tepasiga qizil, qora va yashil rangli yo’lyo’l chiziqlar tushirilgan. Ravoq tepasida qizil, pushti, yashil, zangori va oq rangdagi oltiburchak va romb shakllari tasvirlangan. Maqbara eshigi o’yma o’simliksimon naqsh va arabiy yozuvlar bilan uyg’unlashtirilib nafis bezatilgan. Maqbara gumbazli, ichki devorlaridagi darchalarning biridan tomga, ikkinchisidan masjidga o’tilgan. Uchinchisi esa ochiq turgan. Ichki qismidagi katta ravoqlar bilan darcha ravoqlarining oraliqlaridagi g’ishtlar tik, gajaklar esa to’lqinsimon qilib terilgan. Maqbara yonida ayvonli masjid (7×6,8 metr) ikki ustunli bo’lib, uning to’sinli shifti 4 katakka bo’lingan, bo’yama naqsh bilan bezatilgan. Daxmai Shohonda xonning onasiga atab qurilgan Modarixon maqbarasi yaxshi saqlangan.