DAYANXON

DAYANXON (asl ismi — Botu Munke; u “umumiy xon” ma’nosidagi Dayanxon faxriy unvoni bilan mashhur bo’lgan) (taxminan 1460 — taxminan 1543) — mo’g’ul xoni (taxminan 1479 yildan). Uzoq vaqt davom etgan ichki kurashlardan so’ng butun Mo’g’ulistonni o’z hukmronligi ostiga birlashtirgan. 1488 yil o’zini “ulug’yuan qog’oni” deb e’lon qilgan. Xitoy ustiga bir necha bor harbiy yurishlar uyushtirgan. Dayanxonning katta qo’shini (100 ming kishi), behisob chorvasi va mulki bo’lgan. Xangay tog’lari yaqinidagi Xalxada ko’chib yurgan. Mo’g’ulistonni birlashtirish ishiga unga katta yordam bergan mashhur Malika Manduxay xotun Dayanxonning xotini edi. Dayanxon vafotidan so’ng uning mol-mulki o’g’illari o’rtasida taqsimlab olingan, Mo’g’uliston esa bir necha xonliklarga parchalanib ketgan.