DEBOCHA
DEBOCHA (forscha— muqaddima, so’z boshi) — 1) kitob jildlarining zarhal bilan bezatilgan dastlabki alohida sahifalari; 2) muqadsima, kirish so’z, bosh so’z. Asosan kulliyot, devon, doston va nasriy asarlarda, shuningdek, tazkira va bayozlarda uchraydi. Debocha asar muallifi yoki kotib tomonidan yoziladi va unda kitobning mazmuni, muallifning qisqacha tarjimai holi, maqsadi bayon qilinadi. Amir Xusrav Dexlaviy o’z “Kulliyot”iga va Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” asarining birinchi devoniga mukammal asar darajasida Debocha yozganlar. Hozirgi ba’zi o’zbek adiblarining asarlari ham Debocha bilan boshlangan; 3) shohlarning debo (zarhal) matodan tikilgan ustki kiyimi; 4) musiqada — kichik hajmdagi asar. O’quv va cholg’u yo’llari bor. Ayniqsa Farg’ona surnay Debochalari mashhur. Debochaning o’quv yo’llarini Hoji Abdulaziz qayta ishlagan.