DEHLI

DEHLI — Hindiston poytaxti va Dehli ittifoqdosh hududining ma’muriy markazi. Aholisi 9,4 million kishi (1997). Hindistonning shimoli-g’arbida Jamna daryosi bo’yida, dengiz sathidan 216 metr balandlikda joylashgan. Dehlida iyul oyining o’rtacha temperaturasi 31°, yanvarniki 14,2°. Bir yilda o’rtacha 660 millimetr yog’in yog’adi. Hozirgi Dehli qadimgi Indraprastxa (Indarpat) shahri yaqinida 8-asrning 1-yarmida barpo etilgan. 1206 yildan Dehli sultonligining, 1526 yildan Boburiylar saltanatining poytaxti (Dehli shahrini poytaxt tutgan hukmdorlarning deyarli barchasi turkiylar bo’lgan). 1803 yilda Dehlini inglizlar bosib oldi. 1857-59 yillarda shahar hind milliy qo’zg’olonining muhim markazlaridan biri bo’lgan. 1911 yildan Britaniya Hindistonining poytaxti, o’sha yildan Dehlining Janubi-g’arbida Yangi shahar (Nyu-Deli) qurila boshladi. 1947 yildan mustaqil Hindiston poytaxti, 1950 yildan Hindiston Respublikasi poytaxti. Dehli — mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Hindiston shimoldagi muhim transport yo’llari tuguni. Bu yerdan mamlakatning turli tomoniga va chet mamlakatlarga temir yo’l, avtomobil va havo yo’llari ketgan. Dehlida 3 ta aeroport mavjud. Shaharda poytaxt aholisi ehtiyoji uchun mahsulot ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari: to’qimachilik, tikuvchilik, trikotaj, ko’n poyabzal, oyna-keramika, kimyo-farmasevtika, elektronika, metallsozlik va mashinasozlik ko’proq rivojlangan. Dehli qadimdan an’ana bo’lib kelayotgan badiiy hunarmandchilik (fil suyagi o’ymakorligi, nafis zargarlik buyumlari, oltin va kumush buyumlar ishlab chiqarish) bilan ham mashhur. Dehlining eski qismi — Shohjahonobodda qadimgi me’moriy va san’at yodgorliklaridan shahar devori (qisman) darvozalari bilan, Dehli jome masjidi, La’l-qila (qizil Fort) saroy kompleksida Boburiylar davrining oq marmardan ishlangan saroylari (Rangmahal, Devoni-Om, Devoni-kxas, barchasi 1639-48 yillarda qurilgan), Marvarid masjid (1660) bor. Eski shahardan Janubga tomon Feruzobod shahri vayronalari (1351-88), Kulon (1380) va qilai-ko’hna (1545) masjidlari bilan Purana-qila saroy-qo’rg’on ansambli (1540), Humoyun maqbarasi (1565) va boshqalar saqlangan. Dehlining eski qismidan 20 kilometr janubda 4 ta shaharqal’a mavjud: siri (1303 yilda qurila boshlagan), jahonpanoh (14-asr), To’g’loqobod (1325, G’iyosiddin maqbarasi) va La’l-Kot (12-asr oxiri). La’l-Kotda Temir ustun (415), quvvat ul-Islom masjidi (1193 yilda qurila boshlagan), qutb Minor minorasi, Eltutmish maqbarasi (1235 yildan boshlab) mavjud. Dehlining yangi qismi katta maydonlar, bog’lar va ulardan boshlangan keng ko’chalardan iborat bo’lib, u yerda “Hindiston darvozasi”, Markaziy hukumat qarorgohi, ma’muriy idoralar, banklar va boshqalar joylashgan. 2 ta universitet, ko’plab kollej va institutlar, san’at va boshqa akademiyalar, badiiy galereyalar, muzeylar, Mahatma Gandi va Javoharlal Neru memorial muzeylari, teatrlar, Milliy muzey, amfiteatr, rasadxona va boshqalar bor. Ko’plab zamonaviy turar joy binolari qurilgan.

DEHLI — Hindistondagi ittifoqdosh hudud (1956 yil alohida ma’muriy birlik sifatida ajratilgan). Mamlakatning shimol qismida, Jamna daryosi sohilida joylashgan. Maydoni 1483 kilometr kvadrat. Aholisi (Dehli shahri aholisi bilan) 13,8 million kishi (2001). Markazi — Dehli shahri. Hududni voliy (general-gubernator) boshqaradi. Qishloq xo’jaligida donli ekinlar, dukkaklilar etishtiriladi, shakarqamish, paxta qayta ishlanadi.