DEHQONCHILIK TIZIMI

DEHQONCHILIK TIZIMI – yerdan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini tiklash va oshirish, ekinlardan yuqori va barqaror hosil olishga qaratilgan, o’zaro bir-biriga boglik texnologik (agrotexnik), meliorativ va tashkiliy iqtisodiy tadbirlar majmui. Hozirgi qishloq xo’jalikda Dehqonchilik tizimi o’zaro aloqador bir qancha bo’g’inlarni o’z ichiga oladi: almashlab ekishnp tashkil etish; ekinni etishtirish texnologiyasi; yerni ishlash tizimi; o’g’itlash tizimi; begona o’t, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash tadbirlari; urug’chilik; yerni suv va shamol eroziyasidan himoya qilish tadbirlari; suvdan to’g’ri foydalanish, tuproqning sho’rlanishi va botqoqlanishiga qarshi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish va boshqalar; ayrim mintaqalarda suv chiqarish, botqoq yerlarni quritish, kimyoviy melioratsiyalash (yerni ohaklash, gipslash va boshqalar), dala ihota o’rmonzorlari barpo etish ham Dehqonchilik tizimi tarkibiga kiradi. Dehqonchilik tizimining paydo bo’lishi va o’zgarib borishi jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari, ayniqsa sanoat ishlab chiqarishi va fan-texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bog’liqdir. Dehqonchilik tizimi yerga egalik shakli, yerga ishlov berish texnikasi va Agronomiya fani taraqqiyotiga, shuningdek, tabiiy sharoitlarga bog’liq holda takomillashib bordi. Dehqonchilik tizimi taraqqiyoti dehqonchilikni intensivlashning turli bosqichlarini aks ettiradi deqqonchilikning quyi shakllaridan yuqori shakllariga o’tila borgan sayin haydaladigan yerlarda yetishtiriladigan qishloq xo’jalik ekinlari turli guruhlarining nisbati, xususan, don, texnika va ozuka ekinlarining muayyan nisbatda yetishtirilishi Dehqonchilik tizimining eng muhim belgisi bo’lib qoladi. Samaradorlik darajasiga ko’ra, Dehqonchilik tizimi 4 guruhga bo’linadi: ibtidoiy, ekstensiv, oraliq va intensiv. Jamiyat taraqqiyotining ibtidoiy jamoa tuzumi davridan boshlab shakllana boshlagan ibtidoiy dehqonchilik tizimlarida ochilgan va o’zlashtirilgan erning bir qismida — kichik yer maydonlarida dehqonchilik qilingan. Qolgan yerlar tabiiy o’tlar bilan band bo’lgan. Tuproq unumdorligi odamning ishtirokisiz o’simliklar, mikroorganizmlar ta’sirida tabiiy yo’llar bilan tiklangan. U davrda erga xususiy mulkchilik bo’lmagan, dehqonlarning ixtiyorida qo’riq yerlar mikdori cheklanmagan, yer ibtidoiy usulda ishlangan, yerning quvvati ketib hosildorlik pasaygach, u yer tashlanib, boshqa yangi yer o’zlashtirilgan. Uzoq muddatga (15-20 yillar) tashlab qo’yilgan yer maydonining unumdorligi tabiiy yo’l bilan qayta tiklangan. Bunday dehqonchilik qo’riq yer Dehqonchilik tizimi nomini olgan. Keyinchalik ilgari foydalanilgan yerlarga qaytib kelib ekin ekishgan. Shunday qilib, qo’riq yer Dehqonchilik tizimi partover Dehqonchilik tizimiga almashingan. Ekstensiv Dehqonchilik tizimi (asosan o’rta asrlarda yuzaga kelgan) o’tmishda qo’llanilib kelgan tizimlarning yanada mukammallashtirilgan ko’rinishidir. Bunda haydashga yaroqli barcha yerlarning yarmi yoki ularning ko’pchilik qismi shudgorlanib, asosan, g’alla ekilgan. Tuproq unumdorligi tabiiy tiklanishi jarayonlari inson tomonidan toza shudgorga ishlov berish, ko’p yillik o’tlar ekish bilan qisman boshqarilgan. Bunda yerni uzoq muddat bekorga tashlab qo’yish emas, balki yerni begona o’tlardan toza tutish va unumdorligini oshirish maqsadida don o’t almashlab ekishda ko’p yillik o’tlar va chopiqtalab ekinlarni ekish, dam berilgan shudgorlarni qayta ishlash yo’li bilan tuproq unumdorligini tartibga solib turish, ko’p yillik o’tlarni ekish xarakterlidir. Aholining o’sishi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojning ortishi Dehqonchilik tizimini ham o’zgartirdi, ya’ni yerni uzoq muddat ekmay tashlab qo’yish emas, balki erni begona o’tlardan toza tutish va unumdorligini oshirish maqsadida bir yoz shudgorlab qo’yish usuli qo’llanadigan bo’ldi. Bu shudgor Dehqonchilik tizimi D deb ataldi. Bunda bir dala yozi bilan shudgor qilib qoldirilsa, ikkinchi dala ekin bilan band qilinadi. Shudgorlash Dehqonchilik tizimi da haydaladigan yerlardan tashqari, o’tloq-yaylov yerlar ham bo’lgan. Keyinchalik bu yerlar ham haydalib shudgor Dehqonchilik tizimiga kiritila boshlandi. Bu tizimni tuproq unumdorligini oshirishdagi birinchi urinish desa bo’ladi. Unda ekinlarni navbatlab ekish tartibi, tuproqni ishlash (asosiy qurol omoch va yog’och mola) va go’ng bilan o’g’itlash mavjud edi. Yog’ingarchilik yetarli miqdorda bo’lgan yillari shudgorga chopiq qilinadigan ertagi poliz yoki yem-xashak ekinlari ekilgan. 17-18-asrlarda sanoatning rivojlanishi, shaharlarning kengayishi, aholining o’sishi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojning ortishi, chorvachilikning rivojlanishi Dehqonchilik tizimini ham o’zgartirdi. Oraliq Dehqonchilik tizimi (kapitalizmning qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga kirib kelishi darajasiga qarab qo’llanilgan) ekishga yaroqli yerlardan to’liq va samarali foydalanish hamda odamning tuproq unumdorligini tiklashga ta’siri kuchayishi bilan ajralib turadi. Tabiiy yem-xashak resurslarining yetishmasligi, tabiiy o’tloqlar maydonining qisqarishi, yem-xashak ekinlari (beda, yo’ng’ichg’a, ildizmevalilar) ekishni taqozo qildi. Dondam berilgan shudgor Dehqonchilik tizimini yanada takomillashtirish, ko’p yillik o’tlar yoki chopiq qilinadigan ekinlar — dondam berilgan shudgor almashlab ekishni qo’llash, organik o’g’itlarni ko’proq ishlatish, tuproqqa yaxshi ishlov berish bu tizimning asosiy belgilaridir. Bunda ekishga yaroqli yerlardan unumliroq foydalaniladi. Intensiv Dehqonchilik tizimi (G’arbiy Yevropa mamlakatlarida 18-asr o’rtalaridan qo’llanila boshlagan) dalali (navbatlab) ekish Dehqonchilik tizimi, chopiq qilinadigan ekinlar Dehqonchilik tizimi, yem-xashak ekinlari Dehqonchilik tizimi ekishga yaroqli yerlardan 100 foiz yuqori hosildor ekinlar ekib foydalanish, oraliq ekinlarni ekish bilan tavsiflanadi. Bu Dehqonchilik tizimida haydaladigan jami yerlar don, dukkakli don, texnika va yem-xashak ekinlari bilan band qilinadi. Intensiv Dehqonchilik tizimida chopiq qilinmaydigan ekinlar (donli, dukkakli ekinlar) bilan chopiq qilinadigan ekinlar (g’o’za, kanop va boshqalar) ni almashlab ekish yo’li bilan tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, organik va mineral o’g’itlardan samarali foydalanish, tuproqni ishlash; ekishga yaroqli yerlarda bozor talablariga qarab tovar mahsulotlar beradigan ekinlarni yetishtirish, kompleks mexanizatsiyani qo’llash, sug’orish, eroziyaga qarshi kurash xarakterlidir. O’rta Osiyo dehqonchiligi tarixida yuqorida keltirilgan jami tizimlardan foydalanilgan. 20-asrning 20-yillaridan boshlab sug’oriladigan mintaqalarida chopiq qilinadigan ekinlar almashlab ekish tizimi vujudga keldi. Sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalarida bunday Dehqonchilik tizimida chopiq qilinadigan ekinlar, ayniqsa g’o’za—g’alla—beda almashlab ekishda haydaladigan erlarning 50-70% ni egallaydi. Toza shudgor (dam berilgan yerlar) deyarli uchramaydi. Yerlardan yanada unumli foydalanish maqsadlarida asosiy ekindan bo’shagan yerlarga oraliq, qoplama, takroriy ekinlar ko’p ekiladi. Almashlab ekishning o’t dalasiga bedadan tashqari makkajo’xori, oq jo’xori, lavlagi, xashaki poliz ekinlari (chorvachilik uchun) ekiladi. O’zbekistonda har bir viloyat va Qoraqalpog’iston Respublikasi uchun ilmiy asoslangan zonal Dehqonchilik tizimi ishlab chiqilgan, bu Dehqonchilik tizimi quyidagi tarkibiy qismlarni (kenja tizimlarni) o’z ichiga oladi: almashlab ekish, tuproqni ishlash tizimi; o’g’itlash tizimi; begona o’tlar, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlari; sug’orish va melioratsiya; tuproqni eroziyadan asrash; mashinalar tizimi va boshqalar. Yerlarning unumdorligini oshirish uchun almashlab ekishning va tuproqni ishlashning oqilona usullari qo’llaniladi, yetishtirilayotgan ekinlarga melioratsiya va sug’orish talabiga ko’ra ko’p miqdorda organik va mineral o’g’itlar solib turiladi, suv va shamol eroziyasiga qarshi kurash olib boriladi va hokazolar. Abdurahim Ermatov.