DENVER

DENVER — AQSh g’arbidagi shahar, Kolorado shtatining ma’muriy markazi. Saut-Platt daryosi sohilida, qoyali tog’larning Sharqiy etagida 600 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 554,6 ming kishi (2000). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Tog’li Shtatlarning yirik sanoat va savdo-moliya markazi. Aviaraketa-kosmik, radioelektronika asboblari, priborsozlik, metallni qayta ishlash, tsement, ko’n poyabzal, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Sport buyumlari ishlab chiqariladi. Zarbxona, astma kasalliklarini davolash ilmiy markazi, 2 ta universitet, muzeylar bor. Denver yonidan rangli va nodir metall rudalari qazib olinadi. Shaharga 1858 yilda oltin qidiruvchilar asos solgan. Tog’ turizmining markazi.