DESIKATSIYA

DESIKATSIYA (de… va lotincha siccum – quruq, quritish, suvini qochirish) — ekinlarni o’sib turgan joyida dorilab quritish. Desikatsiya hosil yetilishini tezlashtirib, yig’im-terim ishlarini barvaqt tugallash maqsadida o’tkaziladi. Desikatsiya qilinganda o’simlikning hayoti butunlay to’xtaydi, uning o’suv organlari, jumladan pishib yetilmagan mevalari ham tezda qurib qoladi. Desikatsiya hosilni mashinalarda terishni osonlashtiradi. Qand lavlagi maydonlarida hosil terimidan 10, g’o’zada 15-20, tokzorlarda 20 kun ilgari o’tkaziladi. O’zbekistan sharoitida, asosan, g’o’za, shuningdek, kartoshka, don-dukkakli va moyli ekinlar Desikatsiya qilinadi. Desikatsiya qilish muddatli ob-havoga, g’o’zada ko’saklarning etilishi hamda ochilish darajasiga qarab belgilanadi. Masalan, respublikaning Markaziy va Shimoliy rayonlarida ko’saklarning 60-65%, Janubiy rayonlarida esa 70-75% ochilganda, dastlabki mashina terimidan keyin Desikatsiya qilinadi. Desikatsiyada kimyoviy preparatlar (desikantlar) eritmasi o’simlikka maxsus texnika (traktor va moslamalar) bilan purkaladi.