DEVZIRA

DEVZIRA — jaydari arpasholining guruchi. Devzira cho’ziqroq, sirti qobirg’ali, qobirg’alari orasida qizg’ish chiziqlari bor, boshqa guruchlarga nisbatan yirik, muz rang (tiniq), ba’zilari qizg’ish. Shunga ko’ra, u oq va qizil Devzira deb 2 xil nomlanadi. Devzira juda tig’iz va qattiq bo’lganidan (palov pishirishda Devzira 5-6 marta yuvilib, iliq suvga 2-3 soat ivitib qo’yiladi) yog’ni kam shimadi, oshi xushxo’r, to’yimli, pishirganda yana suv ko’tarib, juda ko’payib ketish xususiyatiga ega. Bunday guruch to’g’risida ma’lumotlar tarixiy manbalarda uchraydi. Ilgari Devzira olinadigan Arpasholi Farg’ona vodiysida, Toshkent viloyatining Piskent, Chinoz, Samarqand viloyatining Bulung’ur, Jomboy tumanlarida ko’p ekilardi. Keyingi yillarda sholining yangi, serhosil navlari etishtirilganligi munosabati bilan Arpasholi maydoni ancha kamayib, asosan Farg’ona vodiysida xususiy xo’jaliklarda va tomorqa maydonlarida yetishtiriladi.