DIFFERENTSIAL

DIFFERENTSIAL (lotincha differentia – farq, tafovut) — 1) texnikada — bir valdan xar xil tezlikda aylanadigan ikki valga yoki ikki valdan bir valga harakat uzatadigan, tishli g’ildiraklari bo’lgan mexanizm. Avtomobillar yoki boshqa transport mashinalari burilayotganda yetakchi g’ildiraklari har xil tezlikda aylanadi, chunki ulardan biri ko’proq, ikkinchisi kamroq yo’l bosadi. Differentsial ana shunga imkon beradi. Masalan, avtomobillardagi Differentsial yordamida dvigatel validan vodilo orqali satellitlarga (satellitlar o’z o’qi atrofida va mexanizm o’qiga nisbatan aylanadi), satellitlardan mustaqil Markaziy g’ildiraklardan har qaysisiga harakat uzatiladi. Metall kesish stanoklaridagi Differentsial yordamida kinematik zanjirlar rostlab turiladi. Differentsial variatorlar, reduktorlar, muftalar va boshqa qurilmalarda ham bo’ladi; 2) matematikada — funktsiya orttirmasining argument orttirmasiga nisbatan bosh chiziqli qismi. Differentsial tushunchasini fanga G. V. Leybnis kiritgan. Differentsial xossalari matematik analizttg yirik bo’limlaridan biri bo’lgan differentsial hisobda o’rganiladi. U geometriya, mexanika, fizika masalalarini yechishda asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Differentsial tushunchasi variasion hisob, differentsial geometriya va funktsional analizam umumlashtiriladi.