Din, madaniyat va san’at

VII asrda Samarqandda bo’lgan sayyohlar uning aholisi savdo-sotiqqa mohir ekanligini, shaharga ko’plab ajnabiylar savdo qilish uchun kelib turganliklarini ta’kidlaydilar. VII asrning 30-yillarida So’g’dga kelgan Syuan-Tzyanning yozishicha, Samarqandga turli mamlakatlardan qimmatbaho mollar keltirib turilgan.

V-VII asrlardagi So’g’d aholisining diniy e’tiqodlari haqida yozma manbalarda ma’lumotlar bor. Tarixiy solnomalarga ko’ra, Zarafshon vodiysidagi mahalliy aholi Des ruhiga sig’inar ekan. Uning ruhini Kaspiy dengizidan sharq tomondagi territoriyada yashaydigan aholi hurmat qilardi. “Har kuni uning uchun besh tuya, o’n ot va yuz qo’y qurbon qiladilar. Qurbonlik qiluvchilarning soni ba’zan 1000 kishigacha yetib qoladi”. Aftidan, Des So’g’dda asosiy xudolardan biri bo’lgan. Samarqandda ajdodlar ibodatxonasi bo’lib, bu yerdagi butga ham qurbonlik qilingan. Boshqa joylarning egalari ham qurbonlikda qatnashishgan. Samarqanddagi hukmron sulola ajdodlarining ibodatxonasi ham shu yerda bo’lgan degan taxmin bor.

So’g’dda jasadlarni alohida binolar-nauslarga qo’yiladigan loydan yasalgan tobutlar-ossuriylarda dafn qilish odati keng tarqalgan. Afrosiyobning g’arbiy qismida, Panjikentda va O’rta Osiyoning boshqa ko’pgina rayonlarida murdalar ana shunday dafn qilinganligi aniqlandi; bu esa (735-739) umoviylarga qarshi Movarounnahrda boshlangan o’tga sig’inish bilan bog’liqdir. VI asrning boshida Samarqandda yepiskop boshchiligida xristian-nestorian jamoasi hukm surgan, VII asrda esa bu yerga mitropolit tayinlangan. Ma’lum darajada buddizm mavjud bo’lganligi xususida turli fikrlar bor. Syuan-Tzyan Samarqand aholisi buddaga sig’inmaganligini, u yerda mavjud bo’lgan ikki monastir qarovsiz yotganini qayd qiladi. Mahalliy aholi budda dinidagi sayyohlarni monastirlarga qo’ymaganlar, ularni chala kuygan tayoq ko’tarib haydaganlar. Ayni bir vaqtda O’rta Osiyoning janubiy rayonlarida buddizm o’z ta’sirini saqlagan.

Manixeychilik ham keng tarqalgan bo’lib, Samarqand uning markazlaridan biriga aylangan.

Badiiy hunarmandchilik turlaridan qimmatli metallar – kumush, oltin, bronza va shu kabilardan buyumlar tayyorlash ancha rivoj topgan.

O’rta Osiyoda ulkan arxeologik tadqiqotlar o’tkazilib, yirik rassomlik asarlarining qoldiqlari topilganga qadar, bu yerdagi torevtlarning deyarli barcha asarlarini tadqiqotchilar Sosoniylar Eroni san’atiga mansub deb hisoblardilar. Yangidan o’tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida ayrim topildiqlar O’rta Osiyo san’ati asarlari deb e’tirof qilindi.

Afrosiyob, shuningdek, Bolaliktepa, Panjikent, Varaxsha rassomligida oltin va kumush qadahlar, kosalar, tovoqlar va boshqa idishlarning tasviri uchraydi. Samarqand ostidagi VI-VII asrlarga oid binolarning ichida qazishma ishlari olib borilgan vaqtda ajoyib kumush tovoq topildi: bulardan ikkitasini eftalitlar, bittasini Sosoniylar san’ati asariga kiritish mumkin.

Oltin va kumush ashyolarning bir qismi Samarqandga savdo-sotiq buyumlari sifatida keltirilgan, lekin ko’pgina buyumlar mahalliy ustalar tomonidan tayyorlangan. Tasvirlar orasida amaldorlar va shahzodalarning yovvoyi hayvonlar, qo’ylar, echkilar va shu kabilarni ovlash lavhasi aks ettirilgan buyumlar ayniqsa keng tarqalgan edi. Ba’zan mahalliy mo’yqalam ustalari boshqalar syujetini o’zlashtirib olar va ularni o’zgartirib, Sosoniy shohlari o’rniga o’zlariga xos kiyimda mahalliy hokimlarni ko’rsatar edilar. Chunonchi, Ermitajda saqlanayotgan kumush tovoqda o’ziga hujum qilib kelayotgan sherga yoydan o’q uzayotgan so’g’d suvoriysi tasvirlangan. Tovoqning pastki qismida, ot oyog’i ostida yoy o’qi teshib o’tgan yovvoyi cho’chqa yotibdi. Xuddi ana shu tasvirni 1927 yilda Kirov oblastida topilgan kumush tovoqda ham ko’ramiz. Unda Shopur II ning sher ovi ko’rsatilgan.

Perm guberniyasidagi Kulagish qishlog’i yaqinida topilgan va VII asrning oxiridagi so’g’d san’ati asarlariga mansub bo’lgan ikkinchi tovoqda ikki piyoda jangchining olishuvi tasvirlangan. Bu lavha Firdavsiyning “Shahnoma” dostoni epik motivlari bilan bog’langan bo’lsa kerak.

Tabariyning hikoya qilishicha, Samarqandda shunday bir odat hukm surganki, bunga ko’ra, yilning muayyan davrida So’g’dning eng jasur pahlavoni uchun maydonda noz-ne’mat va sharob solingan hurmacha qo’yilgan dasturxon yozilgan. Ana shunday nomga da’vogar bo’lgan jangchi noz-ne’matga qo’l urishi lozim edi. Bu esa uning ilgari yuksak nomga sazovor raqibini o’ldirgan jangchi mamlakatda yangi da’vogar chiqqunga qadar eng dovyurak pahlavon hisoblanardi.

Yuqorida tilga olingan tovoq Tabariy hikoyasiga guvoh bo’la oladi. Unda bir xil kiyimdagi ikki jangchining bellashuv payti tasvirlangan. Ular turli xil qurollar – qilich, to’qmoq bilan jang qiladi, mana qilich parchalari ularning oyoqlari ostida, qalqonlari yaroqsiz bo’lib qolgan. Kurash hayot tajribasi va jangovar uquvi ko’proq bo’lgan kattaroq yoshdagi jangchi g’alabasi bilan tugaydi. U raqibini yoy o’qi bilan o’ldiradi, uning raqibi otgan nayza esa So’g’dning eng kuchli pahlavoni nomini olgan bahodirning yonidan o’tib ketadi. Bu tovoq, shubhasiz, so’g’d torevtinign ijodidir.

Tovoqlarda ko’pincha amaldorlarning o’ziga yaqin kishilari, xizmatkorlari orasida dam olayotgan payti ko’rsatilgan tasvirlar uchraydi. Ko’pgina lavhalar afsona va epos bilan bog’langandir. Tovoqlarga rasm solish va bezak berishda marvarid donalarini doira shaklida chizish eng chiroyli motiv bo’lib, ularning o’rtasida yovvoyi hayvonlar, qushlar, afsonaviy hayvonlar tasvirlanardi. Bu xususiyatlar ilk o’rta asrdagi Sharq san’ati uchun xarakterlidir. Bunday badiiy asarlar yaratilgan joy to’g’risida faqat kiyimlar, antropologik tip, ayrim ramzlar, ba’zida portretning o’xshashligiga qarabgina fikr yuritish mumkin.

Torevtlar yaratgan asarlar feodal va oqsuyaklarning ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanilar, keng xalq ommasining ma’naviy talablarini qondiradigan buyumlar esa sopoldan yasalgan san’at asarlari – idishlar, terrakotadan qilingan haykalchalar, gulli idishlar hisoblanardi. Terrakotadan yasalgan buyumlar ma’lum davrni, uning afsonalari, miflari diniy qarashlarni aks ettirar, ko’pincha bolalar uchun o’yinchoq hisoblanardi. Bir xil haykalchalar gildan yasalib, humdonlarda pishirilgan, ayrimlari esa maxsus qoliplarda ko’plab tayyorlangan. Terrakotadan yasalgan ba’zi buyumlar aralash yo’l bilan, ya’ni loydan yasash va qoliplash orqali bajarilib, bu qoliplarda ularning eng muhim qismining, kalla va hokazo izi olinar edi.

Afrosiyobda terrakotadan yasalgan bir necha yuz, turli-tuman haykalcha topilgan bo’lib, uning asosiy qismini so’g’d-turk haykalchalari tashkil qiladi. Bunday haykalchalarni ikki gruppaga bo’lish mumkin. Birinchi gruppaga ancha g’alati qiyofadagi: ko’zlari halqasimon qilib berilgan, katta og’izlari timdalangan, ko’pincha burni katta qilib ishlangan odam tasviri kiradi; bundan tashqari, ot mingan tasvirlar ham bor; ikkinchi gruppaga qolipda tayyorlangan haykalchalar kiradi. Bunda nafis qilib tarashlangan chehralar tasvirigina qolipda tayyorlangan. So’nggi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlariga ko’ra, bu buyumlar tayyorlangan davr V-VIII asrlarga to’g’ri keladi.

Ehtimol, ayrim hollarda V-VIII asrlardagi haykalchalar tayyorlovchi ustalar o’zlaridan oldingi vaqtlarda tayyorlangan qoliplardan foydalangan yoki o’sha paytdagi badiiy asarlarni qaytadan yaratgan bo’lishlari mumkin. Sxematik, soda tarzda yasalgan figurachalarning bosh hajmi gavdagiga mos bo’lmaganligini ko’pincha ana shu bilan izohlash mumkin. Figurachalar qo’lida cho’qmor, muzika asbobi ushlagan, ba’zida qo’llari ko’kraklariga qo’yilgan yoki qo’llari bilan biqinlariga tayanib turgan holda tasvirlangan.

To’qmoqlar bilan qurollangan otliq jangchilarni tasvirlaydigan bir tipdagi terrakotalarning alohida guruhi boshqalaridan ajralib turadi. Bunda jangchining tasviri alohida qolipda bosilgan, oti esa qo’lda yasalgan. Jangchilarning yuz tuzilishi yevropaliklar va mongollarga o’xshaydi. Buyumlar mahalliy ustalarning o’zlari tayyorlagan nusxalar asosida yasalgani uchun ham ularning boshi bilan gavdasi bir-biriga ancha mos bo’lib chiqqan. Yevropaliklarning yuz tuzilishi orqali so’g’d jangchilari, mongol tipidagi yuz tuzilishi bilan esa turk jangchilari tasvirlangan deb taxmin qilinmoqda.

Andazalar va terrakotadan qilingan ba’zi bir plitachalar V-VIII asrlarga to’g’ri keladi. Andazalarda erkak va ayol xudolari, masalan, oy va boshqa xudolar, sopollarda esa shohlar va ov lavhalari tasvirlangan. 1966 yilda topilgan Afrosiyobda topilgan va terrakotadan qilingan plita bo’lagi diqqatga sazovor bo’lib, unda otda yelib borayotgan chavandoz tasvirlangan. Mazmun jihatidan bu surat So’g’dning kumush tovoqlaridagi tasvirlari (Varaxsha, Panjikent), rasmlariga o’xshab ketadi.

Terrakotalar orasida odam kallasini yoki butun figurani tasvirlovchi katta idishlar ajralib turadi. Bunda ko’pgina detallar qo’lda qilingan. Ossuariy qopqoqlarida odam kallasining tasviri berilishi ayniqsa qiziqarlidir.

Shunday qilib, eftalit-turk koroplastikasida buyumlar tayyorlash san’ati va usullarining turli-tumanligi ko’zga tashlanadi. Terrakotadan yasalgan buyumlarda yangi xususiyatlar muvozanatdan chetlash, hajmning kattalashishi, holatning erkinligi, ayniqsa, terrakotadan qilingan plitalardagi kompozitsiyalarda yaqqol ko’rinadi.

So’g’d terrakotalarining ko’pi O’rta Osiyoning boshqa rayonlaridagi ana shunday buyumlardan farq qiladi. Bu o’rinda so’g’dda ko’p asrlar davomida qaror topgan ma’lum badiiy maktab haqida gapirish mumkin.

Keyingi yillardagi arxeologik ishlar So’g’d hunarmandchilik ishlab chiqarishi yaxshi rivoj topgan markazlardan bo’lganligini ko’rsatib berdi. Afrosiyobda VI-VIII asrlarda bunyod etilgan binolarni qazish vaqtida shisha idishlar va shishadan qilingan boshqa buyumlarning juda ko’p bo’laklari topildi.

Afrosiyobda, shuningdek, temir buyumlar tayyorlangan bino ham topildi. Metall buyumlar yasaladigan ishxonalar uy-joy komplekslaridan bir oz chetda joylashgan. Temirchilik o’choqlari, maxsus sopol vannachalar, quyish qoliplari mehnat quroli bo’lib xizmat qilgan.

Hunarmandchilik ustaxonalari asosan shahar chekkasidagi rabotlarda joylashib, ular Samarqandda arablar istilosiga qadar ham mavjud bo’lgan.

Ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik ishlab chiqarishining mahsulotlari ichki bozor uchungina talab qilinmay, shu bilan birga xalqaro savdo buyumlari bo’lib ham xizmat qilgan.

Sopol buyumlar tayyorlash hunarmandchilik ishlab chiqarishining keng tarqalgan turi bo’lgan. O’sha davrdagi sopol buyumlar juda xilma-xil: chetlari to’lqinsimon kosalar, likopchalar, tovoqchalar, tanasining o’rta qismida ilmoqsimon dastali krujkalar shaklida bo’lgan. Krujkalarning tanasi ham turli shaklda – tsilindrik bo’yni ajralib turgan, to’lqinsimon qirralar bilan ishlangan.

Noksimon tanali og’izli ko’zalar, tor og’izli va uchburchak shaklidagi chumagi, tanasining o’rta qismida dastasi bo’lgan ko’zalar ko’plab ishlangan. Ba’zan bunday ko’zalarga shaffof-slyuda surilgan. Bu esa sopol idishlar metal idishlarga taqlid qilib tayyorlanganini ko’rsatadi.

Boshqa sopol idishlar ham shakl jihatidan metal idishlarini eslatadi. Bunday idishlar arzon bo’lib, zodagonlar oilasida emas, balki aholining barcha tabaqalarining uylarida ham keng ishlatilgan.

Qo’pol tarzda qo’lda ishlangan idishlar – gilga ko’p miqdorda yirik qum, mayda shag’al (idish siniqlari) va shamot (mayda shag’al) aralashtirib tayyorlangan tagi yassi va dumaloq turli hajmdagi qozonlar, xurmalar, kosalar ham bo’lgan. Idishlar xo’jalik va ro’zg’or ishlari uchun mo’ljallangan bo’lib, ular maxsus ustaxonalarda emas, balki uyda tayyorlangan.

Sifatli gildan tayyorlanib, so’ngra pishirilgan yirik idishlar-xumlar ham xo’jalik ehtiyojlari uchun xizmat qilgan. Xumning balandligi qariyb 1 metr. Ayrim hollarda xumning yuqori qismi timdalangan yoki o’yib ishlangan naqsh bilan bezatilgan. Xumlarda don va boshqa mahsulotlar, shuningdek, suv saqlangan. Kichik xumlar – shakl jihatidan dumaloqroq va bo’yi past bo’lgan xumchalar ayniqsa keng qo’llanilgan. Ular ixtisoslashtirilgan sopol ustaxonalarda tayyorlangan.

Leave a Reply