DIPLOMATIK IMMUNITET
DIPLOMATIK IMMUNITET — chet el diplomatik vakillariga, maxsus missiyalarga, davlatlarning xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi vakilliklariga, ularning rahbarlari va xodimlariga beriladigan huquq va imtiyozlar majmui. Diplomatik immunitet chet el diplomatlari va ular egallagan binolarning daxlsizligi, mahalliy sud tomonidan sud qilinmasligi, o’z hukumati bilan yashirin aloqa qilish huquqi va h.k.dan iborat. Diplomatik vakilni ma‘muriy va sud yo’li bilan qamashga, uning shu mamlakat fuqarolari yoki ajnabiylar tomonidan haqoratlanishiga yo’l qo’yilmaydi. Vakolatxona binosi, undagi ashyolar, vakillarning turar joyi, mulki daxlsiz bo’lib, ular joylashgan binolar davlat muhofazasiga olinadi. Diplomat sud immuniteti huquqiga ham ega. Diplomatik vakillar g’ayriqonuniy xatti-harakati uchun javobgarlikka tortilmasdan, balki xalqaro diplomatik tartib asosida uni vakil etib yuborgan davlat tomonidan chaqirib olinadi. Shuningdek, ular soliqlardan ozod qilinadi, bojxona imtiyozlariga ega. Diplomatik immunitetga ega shaxslar o’zlari yashab turgan davlat qonunlarini hurmat qilishga majbur, bu qonunlarni buzgan holda nomaqbul shaxs deb e‘lon qilinishi mumkin.