DIPLOMATIYA DARAJA VA MARTABALARI
DIPLOMATIYA DARAJA VA MARTABALARI — davlat vakolatxonalarining diplomatiya xodimlari uchun beriladigan rasmiy unvonlar. “O’zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja va martabalari belgilash to’g’risida”gi qonunda (1992 yil 3 iyul), “Diplomatiya munosabatlari to’g’risida”gi 1961 yilgi Vena konventsiyasi xamda xalqaro huquq normalari va qoidalariga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalari boshliklarining quyidagi 3 darajasi belgilangan: chet davlat boshlig’i huzurida akkreditasiya qilinadigan (Favqulodda va Muxtor elchi; chet davlat boshlig’i huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va Muxtor vakil; chet davlat tashki ishlar vaziri huzurida akkreditasiya qilinadigan Ishonchli vakil. O’zbekistonning chet davlatlardagi vakolatxonalari diplomatiya xodimlariga beriladigan xizmat unvonlari quyidagilar: Favqulodda va Muxtor elchi; 1 – va 2-darajali Favqulodda va Muxtor vakil; 1 – va 2-darajali maslahatchi; 1 – va 2-darajali 1-kotib; 1 – va 2-darajali 2-kotib; uchinchi kotib; Attashe. Favqulodda va Muxtor elchi, 1- va 2-darajali favqulodda va Muxtor vakil martabalari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari b-n, boshqa diplomatiya martabalari O’zbekistan Respublikasi tashki ishlar vaziri buyrug’i bilan beriladi. Diplomatiya martabalari mazkur vazirlikning rahbar va mas’ul xodimlariga ham berilishi mumkin. Favqulodda va Muxtor elchi, Favqulodda va Muxtor vakil martabalari bir umrga beriladi. Boshqa diplomatiya martabasiga ega bo’lgan shaxslar O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tizimidan pensiyaga chiqqan taqdirda ularning bu martabasi saqlanib qoladi.