DIRAK (DIRAC) POL ADRIEN MORIS

DIRAK (DIRAC) POL ADRIEN MORIS (1902.8.8, Bristol — 1984) — ingliz nazariyotchi fizigi, kvant mexanika asoschilaridan biri. London Qirollik jamiyati a’zosi (1930 yildan). Bristol (1921) va Kembrij (1926) universitetlarini tamomlagan. Kvant elektrodinamika va gravitatsiyaning kvant nazariyasiga asos solgan. Ilmiy ishlari kvant mexanika va kvant elektrodinamikaga, maydon va elementar zarralar nazariyasiga, gravitasiya nazariyasiga doir. Kvant statistika (Fermi—Dirak statistikasi)ni ishlab chiqqan; ikkilamchi kvantlash usulini taklif qilib, kvant nazariyasi printsiplarini birinchi bo’lib elektromagnit maydon uchun tatbiq etgan (1927), kvant maydonning birinchi modelini topgan; elektronning kvant mexanika nazariyasini nisbiylik nazariyasip moslab ishlab chiqqan (1928), bu nazariyaga asosan pozitron topilgan; tabiatda antimoddaning mavjudligi gipotezasini bayon qilgan (1933); 1962 yilda meon nazariyasini ishlab chiqqan (unda meon elektronning tebranish holati sifatida ifodalanadi). Nobel mukofoti laureati (1933, E. Shryodinger bilan hamkorlikda).