Divertisment nima?
Uch yuz yil muqaddam Yevropada shu nom ostida quvnoq, ko’ngilochar xarakterdagi alohida musiqali pyesalar yoki butun boshli pyesalar to’plami paydo bo’la boshladi. Fransuzchadan tarjima qilganda “divertisment” — “ermak, ko’ngil ochish” degan ma’nolarni anglatadi. Divertismentlar XVIII asrda juda ommaviy bo’lgan. Ularni ko’pincha kamer ansambl yoxud ixcham orkestrlar uchun bastalashgan. Bunday asarlar bir necha sho’balardan tarkib topardi. Divertismentlar fransuz, olmon, italyan kompozitorlari tomonidan yaratilgan. Hozir ham kontsertlarda Gaydn va Mosartning divertismentlarini tinglash mumkin. XIX asrdan boshlab bu atama jinday boshqacha mazmun kasb eta boshladi. Popurriga (o’zlashtirilgan ohanglardan tarkib toptirilgan pyesa) o’xshagan musiqani shunday atay boshladilar. XIX asr divertismentlari Popurri namunasidagi o’ynoqi, ba’zan esa mumtoz pyesalardan yoki variatsiyalardan (ko’pincha aniq bir mavzuda) iborat bo’lgan. Masalan: Shubertning “Venger divertismenti” va Glinkaning “Maftunkor divertisment” i. Ana shunday divertismentlar bilan ayni bir pallada Frantsiyada musiqali-sahnabop divertismentlar paydo bo’ldi. Bular dramatik yoki opera spektakllaridagi qo’shimcha, ko’pincha baletbop, ba’zida esa vokal lavhalar bo’lgan. Dastlabki ana shunday divertismentlardan biri buyuk Mol’yerning “Zo’raki nikoh” komediyasiga bastalangan edi. Uning musiqasini Lyudovik XVI ning saroy bastakori Jan Batist Lyulli bastalagan. Ba’zida divertismentlar, go’yo spektakl ichidagi kontsert sifatida butun boshli tomoshani tashkil etadi. Petr Ilich Chaykovskiyning “Jish sa’va” degan mashhur baletining ikkinchi pardasidagi divertisment ana shundaylar sirasiga kiradi.