DOBROLYUBOV NIKOLAY ALEKSANDROVICH

DOBROLYUBOV NIKOLAY ALEKSANDROVICH [1836.24.1(5.2), Nijniy Novgorod – 1861.17(29).11, Sankt-Peterburg] – rus adabiyotshunosi, publitsist, Peterburgdagi Bosh pedagogika institutini tamomlagan (1857). 1856 yildan vaqtli matbuotda ilk maqolalari e’lon qilingan. 1857 yildan “Sovremennik” jurnalining rahbarlaridan biri, jurnalning “hushtak” (“svistok”) hajviy bo’limi muharriri (1859). Dobrolyubovning asosiy tadqiqotlari, taqrizlari, maqolalari “Sovremennik”da chop etilgan. 1860 yil may, 1861 yil iyul oyiga qadar chet ellar (Frantsiya, Italiya) da davolanadi. Dobrolyubov butun umrini inqilobiy yo’nalishdagi g’oyani targ’ib qilishga bag’ishladi. Asarlarida ham, ijtimoiy faoliyati davomida ham monarxiya tuzumini, krepostnoylik huquqini, aslzodalarga xos bo’lgan liberalizmni qoraladi va dehqonlar inqilobi g’oyasini ilgari surdi. U. N. Chernishevskiy bilan 19-asr o’rtalarida Rossiyadagi inqilobiy harakatning g’oyaviy rahnamosi bo’ldi. Dehqonlar sosializmi tarafdori sifatida kapitalistik ijtimoiy-iqtisodiy, sarmoyaga asoslangan tuzumni ayovsiz tanqid ostiga oldi. Dobrolyubov o’z maqolalarida jamiyat tarixi mehnatkashlar bilan sarmoyadorlar o’rtasidagi kurash tarixidan iborat, tarixiy taraqqiyotni xalq belgilaydi, shaxsning tarixdagi o’rnini ham inkor etib bo’lmaydi, deb hisoblaydi. Aslida, u falsafiy idrok etilgan borliq g’oyasini qo’llab-quvvatlaydi, idealizmni, dinni tanqid qiladi. Estetika asoslari to’g’risida asarlar yaratgan. Adabiyot va adabiyotshunoslik realistic tamoyillarga suyanishi lozimligini ta’kidlagan. “Jaholat saltanati”, “Oblomovchilik nima?”, “Qachon haqiqiy kun keladi?”, “Jaholat saltanati ichra nur” (1859-60) kabi tadqiqotlarida ruslarning hayotida va adabiyotida yangi shaxs — arbob, kurashchan qahramon paydo bo’lishi g’oyasini ilgari surgan. Hajviy she’rlarida ijtimoiy ziddiyatlarni, zulm ostida ezilgan xalq hayotini tasvirlaydi, dehqonlar inqilobini quvvatlaydi (“Olenin tobuti ustidagi o’ylar”, “Rozentalga” va boshqalar). Dobrolyubov pedagogika masalalari to’g’risida ham asarlar yozgan (“tarbiya jarayonida obro’-e’tiborning ahamiyati”, 1857; “butun Rossiyaga xos bo’lgan xom xayollar…”, 1858 va boshqalar). As: tanlangan adabiy-tanqidiy maqolalar, T., 1954.