DOMINANTLIK

DOMINANTLIK (lotincha dominans — hukmron, ustun) — allellarning gomo va geterozigota holatlarida belgilarning fenotipik namoyon bo’lishi. Gen allellarining o’zaro munosabat shakli Dominantlikda bir allel boshqa allel ustidan to’liq (to’liq Dominantlik) yoki to’liqsiz (chala Dominantlik) ustunlik qiladi. “Dominantlik” tushunchasini genetika faniga G. Mendel kiritgan. Dominantlik qiluvchi allellar (genlar) katta harflar (A, V), resessiv allellar kichik harflar (a, v) bilan ifodalanadi. Organizmlar genetipida dominant genlarning yig’ilishi ko’pchilik hollarda hayotchanlikni oshirishga, xo’jalik jihatdan qimmatli belgilarni yaxshilashga imkon beradi. Dominantlik tibbiyot va qishloq xo’jalikda muhim ahamiyatga ega.