DONESK

DONESK (1924 yilgacha Yuzovka, 1961 yilgacha Stalino) — Ukrainadagi shahar (1917 yildan). Kalmius daryosi bo’yida. Donesk viloyati markazi. Temir yo’l tuguni. Aeroport bor. Aholisi 1075 ming kishi (1997). Yondosh shaharlar bilan birga sanoat tuguni va shahar aglomeratsiyasini tashkil etgan. Og’ir sanoatning eng yirik markazlaridan. Donesk toshko’mir havzasidan ko’mir qazib olinadi. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik (kon, metallurgiya jihozlari va boshqalar, muzlatgich, kabel, velosiped va boshqalar ishlab chiqariladi), kimyo (kimyoviy reaktiv, plastmassa zavodlari), qurilish materiallari, koks kimyosi, oziq-ovqat, yengil (shu jumladan ipgazlama) sanoat korxonalari bor. Ukraina Fanlar Akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari (shu jumladan universitet), 3 teatr (shu jumladan opera va balet teatri), o’lkashunoslik muzeyi va badiiy muzey mavjud. Doneskga 1869 yil asos solingan.