DONESK VILOYATI

DONESK VILOYATI (1961 yilgacha Stalino viloyati) — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1932 yil 17 iyulda tashkil etilgan. Ukrainaning Janubi-sharqida. Maydoni 26,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 5125,4 ming kishi (1997), asosan, ukrainlar, shuningdek, yahudiy, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 18 tumanga bo’lingan, 49 shahar, 139 shaharcha bor. Markazi — Donesk shahri. Donesk viloyatining ko’p qismi daryo vodiylari, jarlar o’yib yuborgan to’lqinsimon tekislikdan iborat (balandligi 200 metrgacha). Shimoli-sharqida Donesk qirlari (balandligi 350 metrgacha), undan g’arbda Dnepr bo’yi pasttekisligi, Janubda Azov bo’yi qirlari bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimoli-Sharqda -7,8°, Janubda -5,4°, iyulniki shimoli-Sharqda 20,8°, Janubda 22,8°. Yiliga 450-500 millimetr yog’in yog’adi. Yirik daryolari: Severskiy Dones, samara, Volchya va boshqalar. Tuprog’i ko’p qismida qora-tuproq. O’rmonlar bor. Azov dengizi sohilida cho’l o’simliklari o’sadi. Donesk viloyatida og’ir sanoat (ko’mir qazib olish, metallurgiya va mashinasozlik) rivojlangan. Donesk viloyati toshko’mir qazib olishda MDHda Rossiyadan keyin 2-o’rinda turadi. Qora metallurgiyada mahalliy koks va Krivoy Rog hamda Kerch rudasi va Nikopol marganesi ishlatiladi. Artyomovsk rangli metall zavodi, Konstantinovka “Ukraink” zavodi, Nikitovka simob kombinati va Chasovni Yar o’tga chidamli buyumlar kombinati ishlab turibdi. Donesk viloyati og’ir mashinasozlikning yirik markazlaridan. Koks kimyosi zavodlari bor. Yirik qurilish materiallari sanoatida tsement, oyna, yig’ma temir-beton, shifer, asbest ishlab chiqariladi. Slavyanskda yirik qalam fabrikasi bor. Yengil va oziq-ovqat sanoati ham rivojlangan. Energetika xo’jaligi mahalliy ko’mir va qisman boshqa yerlardan keltiriladigan neft bilan ishlaydi. Yirik GRESlar bor. Qishloq xo’jaligi ko’p tarmoqli, yuksak darajada mexanizatsiyalashgan. G’alla va texnika ekinlari, sabzavot-poliz, kartoshka va yem-xashak ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik ham rivojlangan. Tokzorlar kengaytirilmoqda. Chorvachilikda ko’proq qoramol boqiladi; cho’chqachilik, qo’ychilik va parrandachilik ham rivojlangan. Temir yo’lning asosiy magistrallari: Donbass—Xarkov va Donbass—Dnepr bo’yi va boshqalar. Temir yo’llar elektrlashtirilgan. Avtomobil yo’llari uzunligi 8,2 ming kilometr. Aeroportlari: Donesk, Mariupol. Azov dengizi bo’yidagi yirik porti — Mariupol. Oliy o’quv yurtlari, jamoat kutubxonalari, muzeylar, teatrlar ishlab turibdi.