DONIYOROV TOSHPO’LAT

DONIYOROV TOSHPO’LAT (1892 — Toshkent — 1953) — o’zbek xalq qo’g’irchoqbozi, yangi shakldagi davlat qo’g’irchoq teatri tashkilotchilaridan. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1944). “Chodir xayol” qo’g’irchoq teatrining mohir ijrochisi bo’lgan. Qadimgi qo’g’irchoq o’yinlari an’analaridan mohirona foydalangan va ularni targ’ib qilgan. 1928 yil Toshkentda ish boshlagan rus yosh tomoshabinlar teatri qoshida H. Abdullaev, M. Soliev, A. Halimtoev va boshqalardan iborat o’zbek qo’g’irchoqbozlari truppasini tashkil etgan. Sahnalashtirgan “Saltanat” (S. Abdulla) spektakli bilan Moskvada o’tkazilgan o’zbek san’ati dekadasi (1937) da qatnashgan. Qo’g’irchoq kontsertlarida ishtirok etgan. Doniyorov yog’ochdan, keyinroq latta va qog’ozdan qahramonlar xarakteriga mos qo’g’irchoqlar yasagan. Z. Ishoqova, A. Saydaliev, N. Zayniddinov, M. Rahmatullaeva va boshqalar Doniyorovning shogirdlaridir. Ad.: Qodirov M., O’zbekskiy tradisionniy teatr kukol, T., 1979.