DOR

DOR — 1) dorbozlar o’yin ko’rsatadigan qurilma. Maxsus yog’och, arqon, chig’iriq, machta, “kindik”, havozadan iborat. Ikki tomonga to’sin, dor markazi (o’rtasi) ga yog’ochdan yasalgan baland machta o’rnatiladi, har ikki chekka balandligiga tekis taxta (“kindik”) o’rnatiladi, ikki tomonga chig’iriq va arg’imchoq, sal pastroqqa “quloqcho’p” bog’lab qo’yiladi, qurilma tepasiga “gumbaz” ishlanadi. Dor balandligi 40 metrgacha bo’lgan va yon arqonlarni 20-30 tomoshabin beliga bog’lab tortib turgan. Hozir Dor bir-biriga ulangan tros (“arqon”) dan tortiladi, dorbozning oyog’i sirg’anmasligi uchun bint yoki izolenta bilan o’raladi. Hozir Dor balandligi 12-15 metr bo’ladi. Ba’zida Dor bilan yonma-yon simdor kuriladi; 2) osib o’ldirishga hukm etilgan jinoyatchilar uchun qurilgan maxsus qurilma. Og’ir jazo sifatida Sharq mamlakatlarida qadimdan ma’lum; 3) yuvilgan kiyim-kechakni quritish, uy jihozlari, kiyimlarni shamollatish uchun tortilgan arqon; 4) kelinning uyiga kelin-kuyov sepini namoyish qilish uchun tortiladigan moslama.