DUALIZM

DUALIZM (lotincha dualis — ikki yoqlama) — bir-biri bilan birlashtirib bo’lmaydigan holatlar, tamoyillar, fikrlash tarzi, dunyoqarash, intilish va gnoseologik tamoyillar yonma-yon mavjudligini targib qiluvchi ta’limot. Dualizm plyuralizm ko’rinishlaridan biri. Dualizm terminini nemis faylasufi X. Volf (1679— 1754) kiritgan. Dualizm quyidagi juft tushunchalarni ifodalaydi: g’oyalar dunyosi va voqeiy dunyo (Platon), Xudo va iblis (yaxshilik va yomonlik tamoyili), Xudo va dunyo, ruh va materiya, tabiat va ruh, jon va tan, ob’yekt va sub’yekt, bilim va e’tiqod, u dunyo va bu dunyo, tabiat saltanati va ilohiy marhamat saltanati va boshqalar. Dualizm falsafiy, diniy, antropologik, etik shakllarda namoyon bo’lishi mumkin. Qad. davrda diniy-etik Dualizm Avestoda uchraydi. Unda dunyo taraqqiyoti jarayoni bir tomondan yaxshilik, haqiqat, yorug’lik, ikkinchi tomondan, yomonlik, jaholat, qorong’ulik o’rtasida abadiy kurash sifatida tasavvur qilinadi. Dualizm falsafada dunyoning negizida bir-biriga bog’liq bo’lmagan ikki mustaqil narsa — ruh va materiya mavjud deb bilishida ko’rinadi. Bu ayniqsa R. Dekart va I. Kant qarashlarida ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Gegel Dualizmni idealistik monizm asosida, ya’ni mutlaq g’oya va borliq o’rtasidagi qarama-qarshilikni dialektik sintez asosida bartaraf qilishga urinadi. Monizmning boshqa shakllari ham shu yo’ldan boradi. Dualizm keyingi vaqgda psixologiyadagi psixofizik parallelizm nazariyasiga asos bo’ldi.