DUBLYAJ

DUBLYAJ (Fransuzcha doublage), kinofilmlar dublyaji — filmni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilib yaratilgan yangi fonogramma. Dialoglar tarjimasi mazmun jihatdan to’g’ri, film qahramonlarining so’zlashuviga — og’iz harakatiga mos bo’lishi shart. Tarjimon yoki yangi matn muallifi, muharrir, rejissyor, aktyor, ovoz operatori, montajchi, matn joylashtiruvchidan iborat ijodiy guruh amalga oshiradi. Avval tarjimon Dublyaj qilinadigan filmni sinchiklab ko’rib, undagi monolog va dialoglar qaysi vaziyatda, qanday holatda talaffuz qilinishini, aniq bilib olishi lozim. Tarjimadan so’ng muharrir har bir so’zni aktyor talaffuziga solishtirib tahrir qiladi. Dialog paytida lab harakati aytilayotgan so’zga muvofiq bo’lishi lozim. Rejissyor film qahramonlari ovoziga moslab aktyor tanlaydi. Nihoyat aktyor ovoziga turli shovqinlar (avtomobil, samolyot, shamol, dengiz to’lqini, hayvonlar ovozi va boshqalar) qo’shib yoziladi. Musiqa va tabiiy tovushlar, odatda, filmning aslidan olinadi, ba’zan yangi variant ham tayyorlanadi. “O’zbekfilm”da har yili 70-80 film Dublyaj qilinadi. R. Ahmedova, O. Yunusov, T. Tojiyev, O. Bakirova, D. Ismoilova, M. Rahimova, Yo. Ahmedov, A. Rafiqov va boshqalar Dublyaj san’ atiga munosib hissa qo’shib kelmoqdalar. Mohina Ashirova.