DYUGON

DYUGON, dyugonlar (Dugong dugong) — sirenalar turkumiga mansub sut emizuvchi hayvon. Suvda yashaydi. Bitta turi bor. Gavdasi duksimon, uzunligi 3,5 metrcha, og’irligi 140-170 kilogrammgacha, tanasining oxirida ko’ndalang joylashgan ikki bo’lakli suzg’ich qanoti bor. Oldingi oyoqlari kurakka aylangan, orqa oyoqlari skeletidan faqat rudiment holdagi chanoq suyaklari saqlanib qolgan. Erkagining uzunligi 7 santimetrgacha bo’lgan kurak tishi filnikiga o’xshash tashqariga chiqib turadi. Homiladorlik davri 1 yilgacha. Bitta bola tug’adi. Qizil dengiz, Afrikaning Sharqiy qirg’oqlari, Hindiston yarim oroli, Hind-Malayya va Filippin arxipelagida, Tayvan, yangi Gvineya, Shimoliy Avstraliya, Solomon, yangi Kaledoniya orollarida tarqalgan. Go’shti yeyiladi, terisidan tagcharm tayyorladi. Dyugon hozir kam qolgan. Xalqaro qizil kitobga kiritilgan.