EBBINGAUZ (EBBINGXAUS) GERMAN
EBBINGAUZ (EBBINGXAUS) GERMAN (1850.24.1, barmen, hozirgi Vuppertal shahri — 1909.26.2, Galle shahri) — nemis psixologi, eksperimental psixologiya vakili. Fexner tadqiqotlariga asoslangan holda birinchilardan bo’lib xotira, intellekt singari yuksak bilish jarayonlarini eksperimental metodlar yordamida o’rgangan. Ko’rish idrokining noyob holatlari, bolalar aqliy qobiliyatini tekshirishga bag’ishlangan izlanishlar olib borgan. Ebbingauz nomi bilan ataladigan test kashf qilgan. Uning ilmiy natijalari o’zini o’zi kuzatish psixologiyaning yagona uslubi degan nazariyani puchga chiqargan. Ebbingauzning asosiy xizmati “sof” xotira qonunlarini o’rganish imkonini beruvchi, tafakkurga bog’liq bo’lmagan narsa va hodisalar to’g’risidagi taassurot izlarini esda olib qolish jarayonini tadqiq etishning yangi uslubini taklif qilganligidir. Mantiqiy umumlashmalar keltirib chiqarishga aloqasi yo’q, ma’nosiz bo’g’inlar (2300 ta undosh va unli) ni quruq (mexanik) yod olishdan iborat bu uslub Ebbingauzga materialni esda olib qolish va unutishning “egri chizig’i” qonunini kashf qilishga; uning asosiy qoidalarini bayon etishga va ana shular asosida ta’sirlanish izlarini xotirada saqlash muddati hamda astasekin so’nishi qonuniyatlarini tekshirishga imkon yaratgan. Asosiy asarlari: “Xotira to’g’risida” (1885), “intellekt” (1897), “psixologiya asoslari” (1902), “Psixologiya ocherki” (1908).