ECHKI
ECHKI — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli kavsh qaytaruvchi hayvon. Echki turli iqlim-sharoitga tez moslasha olishi tufayli dunyoning ko’plab mamlakatlarida uchratish mumkin. Xonaki Echkilar yovvoyi bezoar va burama shoxli echkilardan tarqalgan deb hisoblanadi. Echki dastlab xonakilashtirilgan mahsuldor hayvonlar jumlasiga kiradi. Anov (Ashxobod yaqini) da topilgan qazilmalar Echki O’rta Osiyoda mil.dan bir necha ming yil avval boqilganini ko’rsatadi. Echki, asosan, sut, go’sht, jun, tivit, teri va boshqalar uchun boqiladi. O’rtacha 9-10 yil (ba’zilari 17 yilgacha) yashaydi, xo’jalikda 7-8 yil foydalaniladi. Uloqlari 5-8 oyligida jinsiy yetiladi, 14-18 oyligida qochiriladi. Bo’g’ozlik davri 5 oyga yaqin. Xonaki zotlarining ko’pi serpusht: har 100 bosh urg’ochi echkidan 150-250 uloq olinadi. Yaxshi ozuqa sharoitida asrab boqilganda yiliga 2 marta bolalaydi. Takalarining tirik vazni 60-65 kilogrammdan 100 kilogrammgacha, urg’ochilariniki 40-60 kilogramm. Olinadigan mahsulotga qarab tivit, jun, go’sht, sut, teri, mo’yna va aralash mahsulotlar beradigan Echki zotlari bor. Sersut zotlaridan yiliga o’rtacha 450-550 kilogrammgacha sut sog’ib olinadi. Sutining yog’liligi 3,8—4,5%. Serjun zotlar juni uzunligi 15-18 santimetr, takalaridan 4-6 kilogramm, urg’ochilaridan 3-5 kilogrammdan jun qirqib olinadi. Sertivit zotlaridan 0,2—0,5 kilogrammdan 2 kilogrammgacha tivit tarab olish mumkin. Yaxshi boqilgan katta yoshdagi Echki 20-28 kilogramm go’sht va 4-6 kilogramm yog’, 7-10 oylik Echkilar esa 12 kilogramm go’sht va 1,5 kilogramm yog’ beradi. Echki o’lat, chechak va sil kasalliklarini yuqtirmasligi, oqsil va engil o’zlashtiriluvchi yog’larga boy sut berishi bilan e’tiborli. Echki sutida mis, rux, marganes, yod, kumush va boshqalar shu kabi mikroelementlardan tashqari kamqonlikning oldini olishda muhym ahamiyatga ega bo’lgan kobalt moddasi nisbatan ko’p uchraydi. O’zbekistonda jaydari (qora junli) echkilardan tashqari Angor echkisi, zaane echki zoti, Orenburg echki zoti va boshqalar boqiladi. O’rta Osiyoda 20-asrning 30— 60-yillarida mahalliy dag’al junli echkilarni Angor zoti takalari bilan chatishtirib serjun echki zoti chiqarilgan.