ECHKICHILIK

ECHKICHILIK —chorvachilikning echkilarni boqish va ko’paytirish bilan shug’ullanuvchi tarmog’i. Jahon bo’yicha 709,9 million bosh echki boqiladi. Uning asosiy qismi Osiyo (443,7 million bosh), Afrika (205,6 million bosh), Janubiy Amerika (25,9 million bosh) mamlakatlariga to’g’ri keladi. Echkichilik xo’jaliklari tog’, baland tog’ o’tloqlari, cho’l yaylovlari va dashtlarda joylashgan. Iqlim sharoitiga moslashgan serjun echki zoti O’zbekistonning Janub mintaqalarida, Angor echkisi Turkiya, AQSh, Janubiy Afrika Respublikasi, Avstriya va qisman Madagaskar orolida, Kashmir echkisi Tibetda, Orenburg, Oltoy echkilari Rossiyada yetishtiriladi va ulardan foydalaniladi. Echkichilikning sut, jun, tivit yo’nalishlari mavjud. Sut echkichiligi Yevropa mamlakatlari (Angliyada 1984 yilda Britaniya echkichilik assosiasiyasi tashkil etildi, 150-200 ona echkidan iborat sutchilik fermalari yuzaga keldi), Rossiyaning Markaziy hududlari, shimoliy Kavkaz, Qrim, Zakavkaze, O’rta Osiyoda, jun echkichiligi Turkiya, AQSh, Afrika, Avstraliya, O’rta Osiyo, Qozog’istonda; tivit echkichiligi Tibet, Rossiyada keng rivojlangan. Ko’p mamlakatlarda echki suti uchun bokiladi. Echki suti yengil hazm bo’ladi, ayniqsa, bolalar va oshqozoni kasal odamlar uchun nihoyatda foydalidir. Echki sutidan pishloq va boshqalar turli parhez mahsulotlar ham tayyorlanadi. Echki go’shti to’yimliligi va ta’mi jahatidan qo’y go’shtidan qolishmaydi. Maxsus serjun zot echkilardan kokili uzun, ipaksimon tovlanadigan jun olinadi. Juni bir xil, chidamli, pishiq, elastikligi tufayli ulardan kostyumbop gazlamalar, gilam, trikotaj buyumlar ishlab chiqariladi. Terisidan shavro, xrom va boshqalar olinadi, po’stak qilinadi, qalin junli terilardan mo’yna tayyorlanadi. Echki tivitidan jahonga ma’lum va mashhur (Orenburg) ro’mollar va sharflar to’qiladi. Echkichilik O’zbekistonda qadimdan rivojlangan. Namangan viloyatining Chust, Pop, Kosonsoy, Toshkent viloyatining tog’oldi tumanlarida, Samarqand viloyatining ayrim xo’jaliklarida, Navoiy viloyatining Nurota va Surxondaryo viloyatining Boysun tumanlarida boqib ko’paytiriladi. Hozirda Echkichilik sohasida naslchilik ishlarini tashkil qilish, ularni asrash, parvarish qilish, ulardan sifatli mahsulotlar olish bo’yicha ilmiyamaliy ishlar O’zbekiston chorvachilik instituti, qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlari kafedralarida olib boriladi. Ad.: Vorobev P.A. i dr., Ovtsevodstvo, kozovodstvo i texnologiya proizvodstva shersti i myasa, M., 1988; Amirov A., Echkichilik fanini o’rganish bo’yicha qo’llanma, T., 1993. Abdusattor Amirov.