EDIRNE
EDIRNE — Turkiyaning g’arbiy qismidagi shahar. Edirne elining ma’muriy markazi. Aholisi 119,3 ming kishi (2000). Transport yo’llari chorrahasi, qishloq xo’jalik rayonining (g’alla va boshqalar) savdo markazi. Oziq-ovqat, ip gazlama sanoati korxonalari mavjud. Shaharga, taxminlarga ko’ra, frakiylar tomonidan Odris nomi bilan asos solingan. Miloddan avvalgi 4-asrdan 2-asr o’rtalarigacha qadimiy Makedoniya mustamlakasi. O’sha vaqtdan Rim bosib olgan. Milodiy 125 yilda Rim imperatori Adrian tomonidan qayta qurilib, uning sharafiga Adrianopol deb nomlangan. 4-asr oxiri — 14-asr o’rtalarigacha Vizantiya tarkibida bo’lgan. 14-asrning 60-yillarida Usmonli turk saltanati qo’l ostiga o’tgan. 1453 yilgacha Usmonli turk saltanati poytaxti. Me’moriy yodgorliklardan 15-17-asrlarga oid masjidlar saqlangan.