EFIOP TILI

EFIOP TILI, geez, gez, giiz — somhom tillari oilasining som tarmog’idagi efiopsom tillaridan biri; toshlar, qoyalar, sopol buyumlarda saqlangan yodgorliklar va nasroniy adabiyot bitilgan o’lik til. Miloddan avvalgi 5-asrda Janubiy Arabistondan ko’chib kelgan aholining tili sifatida paydo bo’lgan va 4-7-asrlarda Aksum davlatining, keyin Efiopiyada mavjud bo’lgan boshqa davlatlarning tili hisoblangan. Milodiy 1-2 ming yilliklar chegarasida so’zlashuv tili sifatida iste’moldan chiqib (uning o’rnini amxara tili egallagan), cherkovning ibodat tili tarzida 20-asr boshlarigacha saqlanib kelgan. Boshqa efiopsom tillariga qaraganda kushit tillari ta’siriga kamroq uchragan, ko’plab arxaik belgilarni saqlab qolgan. Efiop tili Janubiy arabiy konsonani alifbo asosida shakllangan bo’g’inli yozuvdan foydalanadi. Aksum bitiklari (tosh va sopollarda va boshqalar) deb ataladigan ilk yodgorliklari 4-asrga mansub. 5-asrdan boshlab Efiop tiliga yunon, qibtiy (kopt), suryoniy, qadimiy yahudiy, Arab tillaridan kitobiy o’zlashmalar, kushit tillaridan esa so’zlashuvga xos o’zlashmalar kirib kelgan. Efiop tili boshqa efiopsom tillariga muayyan ta’sir o’tkazgan; undan hozirgi ilmiy terminlarni yaratish manbai sifatida foydalaniladi.