EFIR MOYLI EKINLAR

EFIR MOYLI EKINLAR — efir moylari olish uchun yetishtiriladigan ekinlar guruhi; texnika ekinlari. Ayrim organlari (guli, urug’i, mevasi, poyasi, ildizpoyasi, bargi va boshqalar) yoki tanasida efir moylari (xushbo’y moddalar) to’playdi. Efir moyli ekinlarning daraxt, buta va bir va ko’p yillik o’tlar turlari bor. Ular tropik, subtropik mintaqalarda ko’p tarqalgan, mo”tadil iqlimli hududlarda ham ekiladi. O’zbekistonda efir moyli o’simliklarning 50 oilaga kiruvchi 233 turi mavjud, lekin ayrimlari (arpabodiyon, jambil, kashnich, qora zira, yalpiz va boshqalar) maxsus ekiladi. Efir moyli ekinlar ba’zi turlarining mevasi va bargi tarkibida 1,5% dan 6-7% va undan ortiq efir moyi (atenol, mentol, evgenol va boshqalar), shuningdek, 11-27% texnik moy bor. Jahon dehqonchiligida Efir moyli ekinlardan atirgul, yorongul, lavanda, yalpiz asosiy ahamiyatga ega. O’simliklarning xushbo’yligi efir moylarining miqdori, tarkibi va sifatiga bog’liq.