EGAR

EGAR — 1) ot-o’lov (ot, eshak, xachir, bug’u va boshqalar) ustiga uriladigan va minib o’tirish hamda yuk tashish uchun moslashtirilgan qulay Abzal. Odamlar hayvonlarni qo’lga o’rgatib, minib yuradigan davr (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi) dan ma’lum. Egarning kundalik minib yurish, sport, harbiy (safda yurish), mashq yoki poyga uchun mo’ljallangan turlari farqlanadi. Bundan tashqari, har bir xalq o’z yashash shartsharoitidan kelib chiqib o’ziga xos Egar turlarini yaratgan, masalan, o’zbek, qirg’iz, qozoq, turkman, rus va boshqalar xalqlar ishlatadigan Egarlar, asosan, tuzilishi va bezagi bilan bir-biridan bir oz farq qiladi, lekin umumiy tuzilishi bir-biriga o’xshaydi. O’zbekistonda ham egarchilik qadimdan rivojlangan. Shuning uchun Egarning tuzilishiga xos atamalar paydo bo’lgan: suyanchiq, o’rindiq, do’g’a, qopqoq, qanot, terlik, ayl, uzangi va uzangibog’va boshqalar yuk tashishga mo’ljallangan Egarlarda yukni mahkam bog’lash moslamalari ham bo’ladi. Egar pishiq yog’och (tol, o’rik, behi, yong’oq, chinor, archa va boshqalar) dan yasaladi, sadaf, suyak, temir va tasmalar bilan bezatiladi. Otulovni minganda Egar ustiga yumshoq to’shama (masalan, gilamcha) tashlab olinadi. Egarning o’rindig’i taglik va charm qoplangan yostiqdan iborat. Egarning ikki tomoniga osiltirib yopiladigan qismi “tebengi” deb ataladi va uzangi bandining oyoqni sidirishidan saqlab turadi. Egar qo’shimcha moslamalari (ayl, uzangi, uzangibog’va boshqalar) bilan birga Egar-jabduq deb ataladi. Egar-jabduq bilan shug’ullanish kasbi egarchilik deb ataladi. Egarchilik hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri. U asosan yirik shaharlarda rivojlangan. Milodiy 5-asrdan boshlab Egar hunar darajasiga ko’tarilgan va asta-sekin takomillashtirib borilgan. O’zbekistonda ham egarchilik qadimiy hunarmandchilik kasbi hisoblanadi. Egarjabduq oddiy kustar usulda maxsus do’konlarda yasalgan. Ustalar, asosan, tesha, bolta, randa, arra, iskana va boshqalar; asbob-qurollardan foydalanishgan. O’zbekistonda otulovning ahamiyati hozir ham kattaligi tufayli egarchilik hunarmandchilikning bir sohasi hisoblanadi. Egarchilik bilan O’zbekistonning barcha viloyatlarida shug’ullaniladi, lekin Buxoro, Samarqand viloyatlari va Fargona vodiysida kengroq tarqalgan. Ayrim ustalar egarchilikni san’at darajasiga ko’targan. Egar ustiga charm qoplash, bezaklariga suyaklar qadash rasm bo’lgan. Egar ustiga tashlab olinadigan xaltaxurjun charmdan tikilib, mis sim va xalqalar bilan bezatiladi; 2) turli mashinalar (velosiped, motosikl, traktor va boshqalar) ning haydovchi o’tiradigan joyi (o’rindiq).