EGOV
EGOV — qattiq (temir, yog’och, plastmassa va boshqalar) buyumlar sirtidan yupqa qatlamda qirindi olish, tekislash, silliqlash uchun mo’ljallangan ko’p tishli (tig’li) chilangarlik quroli; ish sirtlari (yuzi yoki yonlari) ga kesuvchi tishlar kertilgan asbob. Dastlabki Egovlar temir davrida paydo bo’lgan. Mustahkam po’latdan yasaladi. Egov ish qismi va quyruq qismidan iborat. Quyruq qismiga dasta o’rnatiladi. Vazifasiga qarab, umumiy ishlarga mo’ljallangan, maxsus mashina Egovlari va boshqalar turlarga bo’linadi. Umumiy ishlarga mo’ljallangan Egovlarning o’tkir uchli yassi, to’mtoq uchli yassi, kvadrat, uchburchak, dumaloq, yarim dumaloq, rombsimon, arrasimon xillari bor. Maxsus ishlarga mo’ljallangan Egovlarga novsimon, ovalsimon Egovlar kiradi. Mashina Egovlari egovlash stanoklari va mashinalarida ishlatiladi. Bularga bor, disk, sterjenli, plastinkasimon Egovlar kiradi. Ulardan aylanma yoki ilgarilama-qaytma harakatlanuvchi stanoklarga o’rnatilib foydalaniladi. Tishlari soniga qarab, dag’al, mayda tishli va mayin Egovlar farqpanadi. Dag’al (1 santimetrda 4,5 -12 ta), mayda tishli (13 — 26), mayin (42 — 80) Egovlar bo’ladi. Dag’al Egovlar buyumlarga dastlabki ishlov berish uchun mo’ljallangan. Bunday Egovlar bilan sirtlarga 0,1 — 0,2 millimetr aniqlikkacha ishlov beriladi. Mayda tishli Egov toza ishlov berish uchun mo’ljallangan. Bunday Egovlar bilan 0,02 — 0,05 millimetr aniqlikkacha ishlov beriladi. Mayin Egovlar buyumlarni pardozlash va o’lchamiga etkazish uchun ishlatiladi. Ular bilan sirtlarga 0,001 millimetr aniqlikkacha ishlov berish mumkin.