EHTIROS

EHTIROS — butun vujudni qamrab oluvchi kuchli ko’tarinkilik tuyg’usi; uzluksiz, davomli, barqaror hissiy holat. Ehtirosning namoyon bo’lishi, kechishi va kuchayishining sabablari xilma-xil. Uning negizida odamning ongli e’tiqodi, shaxsiy g’oyasini ro’yobga chiqarish istagi, o’z qarashlarini amalda qaror toptirish xohishi yotadi. Jo’shqin tuygular, tabiat go’zalligiga oshnolik hissi, sportga ishqivozlik, shahvoniy moyillik, shuningdek, qimor, giyohvandlikka berilish, diniy fanatizm Ehtirosning omillari bo’lishi mumkin. Ehtirosning kelib chiqishiga ba’zi ruhiy xastalik (shubhalanish, alahsirash, ko’zga allanarsalarning ko’rinishi, qo’rquv kabilar) dagi hissiy holatlar sabab bo’ladi. Ehtiros faol harakatga turtki beradi, xissiy va irodaviy xislatlarni uygunlashtiradi. Shaxsning ma’naviy, aqliy, axloqiy, jismoniy fazilatlari qo’shilib buyuk ishlar, yuksak jasorat, tengsiz kashfiyotga yetaklaydi. Ehtiros insonni o’z oldiga qo’ygan maqsadini ro’yobga chiqarishga butun g’ayratini safarbar etuvchi ko’rinishga ega. Mehnat qilishga, bilim olishga intilish, jasorat, fidoyilik — ijobiy Ehtiros namunasi bo’lsa, shaxsiyatparastlik, hirsga berilish, qasoskorlik, huquq-tartibotni buzishga qaratilgan harakat salbiy Ehtirosga misol bo’ladi. Ergash G’oziyev.