EKLAMPTSIYA
EKLAMPTSIYA (Yunoncha — chaqnash) — homiladorlik toksikozlarining xavfli shakli. Birinchi marta bo’yida bo’lgan, aksari egiz homiladorlik yoki buyrak, yuraktomir kasalliklari bor ayollarda homiladorlikning ikkinchi yarmida, ko’pincha so’nggi oylarida vujudga keladi. Eklamptsiyaning asosiy belg’isi tutqanoq tutishidir. Eklamptsiyadan avval nefropatiya va preeklampsiya alomatlari (qattiq bosh ogrishi, ko’z xiralashishi, ko’z oldi jimirlashishi, qon bosimi ko’tarilishi, siydikda oqsil ko’payishi, uyqusizlik, betoqatlik va boshqalar) namoyon bo’ladi. Eklamptsiyada tutqanoq tutadi, bemor hushdan ketadi. Eklamptsiya homiladorlikda, asosan, tug’ruq vaqtida, ba’zan chilla davrida ham uchraydi. Tutqanoq boshlanganda dastlab bemorning yuz muskullari “uchadi”, qovokdari yumilib, lab burchaklari osilib ketadi. So’ng butun gavda muskullari qisqarib, tana taranglashadi, bemor hushdan ketib, ba’zan nafas olmay qoladi, ko’karadi (tonik talvasa). Keyin yuz, tana va qo’loyoq muskullari tortishib qisqaradi (klonik talvasa), bemor nafasi qisib xirillaydi, og’zidan ko’pik keladi, yotgan joyida o’zini ko’tarib-ko’tarib otadi. Tirishish to’xtagach, ayol bir necha vaqt koma holatida (behush) yotib, sekin-asta o’ziga keladi. Og’irroq hollarda Eklamptsiya tutqanoqsiz kechadi (komatoz shakli). Ba’zan Eklamptsiya alomatlari ro’yrost ko’zga tashlanmaydi, ularni vaqtida aniqlash ancha qiyin. Shu sababli u go’yo bexosdan paydo bo’lgandek bo’ladi. Tutqanoq tutganda bemorning biror joyiga shikast yetib qolmaslik chorasini ko’rish lozim; u tilini tishlab olmasligi uchun og’ziga bandiga doka o’ralgan qoshiq solib qo’yiladi; tutqanoq xuruji o’tib ketgach bemorning so’lagi nafas yo’llariga tushmasligi uchun og’zini toza salfetka bilan artib olinadi. Eklamptsiyada o’pka shishishi yoki miyaga qon quyilishi tufayli ayol, plasentaning o’rnidan ko’chishi, bachadonga qon quyilishi tufayli esa homila nobud bo’lishi mumkin. Davosi. Markaziy nerv sistemasi faoliyatini normallashtiruvchi, qon bosimini pasaytiruvchi, siydik ajralishini kuchaytiruvchi doridarmonlar, kislorod, parhez buyuriladi. Oldini olish: homiladorlikning ilk toksikozlarini o’z vaqtida davolashdan iborat. Ad.:Qodirova A., Homiladorlik toksikozlari, T., 1994.