EKOLOGIK JOY
EKOLOGIK JOY, ekomuhit tabiatda tur yashashi mumkin bo’lgan barcha muhit omillari majmui. Ekologik joy tushunchasi, odatda, ekologik jihatdan yaqin va bitta trofik darajada turadigan turlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tadqiq qilishda qo’llanadi. “Ekologik joy” termini amerikalik ekolog J. Grinnel (1917) tomonidan turlarning taqsimlanishini tavsif etish uchun tavsiya etilgan. Bu termin yashash joyi tushunchasiga yaqin ma’noni anglatadi. Keyinchalik amerikalik zoolog Ch. Elton (1927) trofik bog’lanishning muhim ahamiyatini ko’rsatish uchun Ekologik joyni turning ekologik sistemadagi holati tarzida talqin qilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida ko’pchilik tadqiqotchilar ekologik jihatdan o’zaro yaqin va jamoa ichida o’xshash holatni egallagan 2 turning bir xil maydonda turg’un hayot kechira olmasligini aniqlashgan. Bu empirik axborot 2 turning oziq uchun raqobati matematik modeli (italyan matematigi V. Volterra) va rus mikrobiologi G.F. Gauzening (1986) eksprimental ishlari orqali tasdiqlandi. Ekologik joyning zamonaviy kontsepsiyasi amerikalik ekolog J. Xatchinson (1957, 1965) taklif etgan model asosida shakllandi. Bu modelga binoan Ekologik joyni ko’p kamerali maydon (giperhajm) tarzida faraz qilish mumkin: bu maydonning alohida o’lchamlari turning normal hayot kechirishi uchun zurur bo’lgan omillarga mos keladi. Divergentsiya orqali turlarning Ekologik joyida sodir bo’ladigan farq ularning yashash joyi, oziq xili va bir xil yashash joyining o’zidan har xil vaqtda foydalanishi bilan bog’liq. Ekologik joyning miqyosi va har xil turlar Ekologik joyini baholash metodlari ishlab chiqilgan.