Ekologiya nima?
Bugungi kunda biz ekologiya to’g’risida har doimo nimadir eshitib va o’qib turamizki, buning ham bir talay sabablari bor. Garchand ekologiya — eng navqiron fanlardan biri bo’lsa-da, u bashariyat kelajagi va istiqboli uchun salmoqli ahamiyatga molikdir. Har bir mavjudot qisman o’zining tabiatiga va xatti-harakatlariga, qisman esa atrof muhitga bog’liq bo’ladi. Atrof muhit barcha mavjudotlarga ta’sir o’tkazadi. Ular ham o’z galida atrof muhitga ta’sir ko’rsatadilar. Har bir organizm-tirik jon — bu, atrof muhitning eng kichik zarrasidir, xolos. Shuning barobarida har bir organizm-tirik jon boshqa organizmlar tarkibiga kiradi. Ular ham birgalikda aynan o’sha atrof muhitdir. Shu bois ham hayvonlar yoxud o’simliklar hayotini ularning tabiiy muhitida o’rganganimizda biz bu muhitning o’zini ham tadqiq etishimiz lozim. Bu masalalarni o’rganuvchi olimni ekolog deb atashadi. U tadqiq etayotgan soha — ekologiya “atrof muhitni o’rganish” degan ma’noni anglatuvchi bir juft yunoncha so’zlardan kelib chiqqan. Ekologiya dunyodagi jonli mavjudotlarning o’zaro bir-biriga bog’liqligini tadqiq etadi va bizning resurslardan qay tariqa samarali foydalanish va ularni asrashimiz to’g’risida maslahatlar beradi. U quyidagilarga o’xshash bo’lgan savollarga javob berishi mumkin, masalan: “qay tariqa yerdan yaxshiroq foydalanish mumkin? Zararkunanda hasharotlar yetkazadigan zararlarni qay yo’sin kamaytirish mumkin?” Bu misollar ekologlar hayot ko’ndalang qo’yayotgan amaliy masalalarga qay tarzda javob izlashlarini ko’rsatib turibdi.