EKOLOGIYA SOHASIDAGI JINOYATLAR

EKOLOGIYA SOHASIDAGI JINOYATLAR — tabiatdan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilishga qarshi jinoyatlar. Ekologiya insonni tabiat bilan bog’lab turadigan ijtimoiy holatdir. Bunday bog’liklik, o’z navbatida, g’ayriqonuniy hatti-harakatlar orqali huquqbuzarliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xildagi huquqbuzarliklar Ekologiya sohasidagi jinoyatlarning ham kelib chiqishiga sabab bo’ladi. O’zbekistonda tabiat boyliklarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishga oid qonunqoidalar, yuridik normalar ishlab chiqilgan. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar” (50-modda), deb qayd etilgan. O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi (1998 yil 30 aprel), “Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida” (1992 yil 9 dekabr), “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to’g’risida” (2004 yil 3 dekabr), “Yer osti boyliklari to’g’risida” (2002 yil 13 dekabr), “Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g’risida” (1996 yil 27 dekabr), “Suv va suvdan foydalanish to’g’risida” (1993 yil 6 may), “o’simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida” (1997 yil 26 dekabr), “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g’risida” (1997 yil 26 dekabr), “Davlat yer kadastri to’g’risida” (1998 yil 28 avgust), “O’rmon to’g’risida” (1999 yil 15 aprel) gi va boshqalar qonunlarda ekologiya sohasidagi huquqiy normalar o’z ifodasini topgan. O’zbekiston Respublikasining JKda birinchi marta Ekologiya sohasidagi jinoyatlar alohida bobga ajratildi (193— 204-moddalar). Ularga quyidagilar kiradi: ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish; atrof tabiiy muhitning ifloslanganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko’rsatish; atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini ko’rmaslik; atrof tabiiy muhitni ifloslantirish; yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish; ekinzor, o’rmon yoki boshqa dovdaraxtlarga shikast etkazish yoki ularni nobud qilish; o’simliklar kasalliklari yoki zararkunandalariga qarshi qurash talablarini buzish; veterinariya yoki zootexnika qoidalarini buzish; zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada bo’lish qoidalarini buzish; hayvonot yoki o’simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish; suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish; alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tartibini buzish. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlar bo’yicha sud amaliyoti hakida”gi qarori (1996 yil 20 dekabr) da Ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik to’g’risidagi qonunlarni qo’llash bo’yicha zarur tushuntirishlar berilgan. Tabiiy muhitni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish nafaqat milliy, balki umuminsoniy majburiyat hisoblanadi va bu tabiat komplekslari hamda ayrim ob’yektlarning muhofazasini ta’minlashga, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo’lish huquqini kafolatlashga qaratilgandir. Ad.: Nigmatov A., Ekologiya nima, T., 2002. Mirzayusuf Rustamboyev.