EKOTIP

EKOTIP, ekologik tip — muayyan ekologik sharoitga moslashgan. bir turga mansub o’simliklardagi bir xil populyatsiyalar majmui; shu sharoitda irsiy morfologik, fiziologik, biokimyoviy va boshqalar xususiyatlar vujudga keladi. “Ekotip” terminini fanga shved olimi G. Turesson kiritgan (1920). Ekotipning 3 turi bor: iqlimiy yoki geografik Ekotip — tur yashash arealining alohida qismini ishg’ol qiladi; ular ma’lum iqlim sharoiti ta’sirida shakllangan, masalan, Janubiy Ekotip shimoldagisidan past bo’yliligi, qisqa, ingichka va dag’al bargi hamda ustida mumsimon qavat bo’lishi bilan farq qiladi; edafik Ekotip — tuproq ta’sirida hosil bo’ladi; masalan, Piskom daryosi havzasida o’sgan Piskom piyozi alohida tur sifatida tavsiflangan; biotik yoki tsenotik Ekotip — tur atrofidagi ma’lum o’simliklar qoplami ta’sirida vujudga keladi va rivojlanadi; masalan, oqso’xtaning o’tloq va o’rmondagi ekotipi. Ekotip turlarning kelib chiqishi jarayonidagi bosqichlardan biri. U uzoq davom etgan tarixiy jarayonda paydo bo’ladi.