Bilasizmi?

Ekspressionizm nima?

Bu uslub Yevropa san’ati va adabiyotida 1900 yilning o’rtalaridan to 1930-yillarga qadar avj oldi. Uning asosiy xususiyati — ekspressiya, ya’ni rassom yoki haykaltarosh tasvirlayotgan jami narsalarning shiddatli va keskin bo’lishi. Shaxsiy taassurotlar, kechinma-tuyg’ular va botiniy holatlarni tevarak atrofdagilarga yetkazib berish rassom nazdida muhim narsaga aylanadi. U tomoshabinni go’zallik bilan qamrab olishga intilmaydi. Aksincha, musavvir yomon, nohaq narsalarni tasvirlaydi. Ekspressionistlar nazdida buyumlardan olgan taassurotlarini timsol vositasida tasvirlash chog’ida ularning o’zlari istayotganlariga jismoniy jihatdan aynan monand bo’lishi aytarli muhim emas. Shuning uchun ham ulardan ayrimlari buyumlarning shaklini munazzam qayta yaratishni tamoman rad etadilar. O’z maqsadlariga erishish uchun rassomlar eng yorqin, “tajovuzkor” bo’yoqlarni odatdagi ong ko’nikkanlariga qaraganda ko’proq ishlatadilar. Ustiga-ustak shakllar yiriklashtiriladi, salmoqli bo’ladi, astoydil qayta chiziladi. Ba’zida buyum shakli qora chiziqlar bilan bo’rttiriladi. Rassomlarning fikricha, ular tasvirlanmishni yanada alomatli, ko’zga tashlanib turadigan qiladi. Bir qarashda ekspressionistlarning kartina-suvratlari bir zarbda, vaqtning qisqa oralig’ida chizilgandek tuyulishi mumkin. Tasvirlanayotgan buyum tanish bo’lsa-da, biz teranroq nazar solishga intilishimiz va rassom niyatini tushunishga urinib ko’rishimiz kerak.