EL ARSLON

EL ARSLON, Elarslon (? 1172.17.3) — anushteginiylar sulolasidan bo’lgan Xorazmshohlar davlati hukmdori (1156-72). Otsiz xorazmshohning o’g’li. El Arslon avval, Sulton Sanjarga itoat etishini biddirib, noma va sovg’a-salomlar yuborgan. Sulton El Arslonni Xorazmshoh deb e’tirof qilgan. Sulton Sanjar vafotidan so’ng Saljuqiylar taxti uchun kurash avj olgan. 1163 yil El Arslon Saljuqiylar amirlari ichida eng kuchlisi Muayyid OyAboga qarshi Nishopurga yurish qilgan, shaharni uzoq vaqt qamal qilib ololmagan, sulh tuzib Xorazmga qaytgan. El Arslon qo’shinlari Dehistonni egallagan. 1166 yil El Arslon yana Nishopurga qarshi otlangan. Bistom yaqinidagi jangda Birlashgan saljuqlar va Otabek Eldegiz qo’shini bilan El Arslon qo’shini o’rtasida jang bo’lib o’tgan. Har ikki taraf biron natijaga erishmagan. Ammo Xorazmshoh qo’shinlarning bir qismini Bayhaq va Sabzavor shahrilariga jo’natib, ularni egallagan (1167 yil may). El Arslon Nishopurni zabt etgan. 1167 yil Xorazm qo’shinlari Raydan o’tib, Sova shahriga yaqinlashgan, Sulton Arslonshoh va Otabek Eldegiz o’g’li Jahon Pahlavon etakchiligidagi Saljuq qo’shinlari bilan jangga kirib, g’alaba qilgan. So’ngra Eron Ozarbayjoniga bostirib kirib, Abxor, Zanjon va Qazvinni egallagan. El Arslon, shuningdek, Movarounnahr voqealariga ham aralasha boshlagan. Qoraxitoylar vassal Samarqand hokimi Jaloliddin Ali Chag’rixon 1158 yil qarluqlarni tormor keltirgan. Qarluqlar yetakchisi Lochinbek bir qism qo’shini bilan Xorazmga qochib borib, El Arslondan yordam so’ragan. 1158 yil iyulda El Arslon katta qo’shin bilan Samarqandga yurish qilgan. Zarafshon daryosining bo’ylaridagi janglarda Xorazmshoh zafar quchgan. 1171 yil qoraxitoylar qo’shini Amudaryodan o’tib, Xorazm sarhadlariga kirib kelganda El Arslon to’g’onlarni ochib, poytaxt yaqinidagi yo’llarni suvga bostirishga farmon bergan. Qoraxitoylar Xorazmshoh qo’shinlarini yengib, Amir Ayyorbekni asir olib Samarqandga qaytganlar. Xorazmshoh poytaxti Gurganjga qaytgan va xastalikdan vafot etgan. Ad.: Bun iyotov 3., Anushtagin Xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998. Ibrohim Karimoe, Sa’dulla Otamurodov.